Poytaxtda renovasiyaga tushgan 500 gektardan oshiq hudud: Toshkent shahar hokimining axborotiga munosabat bildirildi

Poytaxtda renovasiyaga tushgan 500 gektardan oshiq hudud: Toshkent shahar hokimining axborotiga munosabat bildirildi

Renovasiyaning mustahkam qonuniy asosi bo‘lishi va bu boradagi dasturlar uy-joy mulkdorlari hamda keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilishi zarur.

Kuni kecha, Toshkent shahar hokimi ommaviy axborot vositalari orqali o‘zining chiqishlaridan birida «Toshkent shahrida ko‘p yillar oldin qurilgan ikki qavatli yoki vaqtinchalik qurilgan xavfsizlik nuqtai nazaridan talabga javob bermaydigan, taxminan 500 gektardan ortiq hududdagi uy-joylar renovasiya dasturiga tushgan», deb axborot berib o‘tdi.

Ushbu masala, ko‘plab fuqarolar, shu jumladan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

Foydalanishga yaroqsiz, eskirgan ko‘p qavatli uy-joylarni o‘rniga yangilarini qurish yaxshi albatta. Bu bilan poytaxtimiz obod bo‘ladi, ko‘chalarimiz ko‘rkamlashadi, aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari jadallashadi.

Biroq, renovasiya dastularini ishlab chiqish uchun eng avvalo, ushbu jarayonni ochiq va shaffof amalga oshirishning qonuniy asoslari, renovasiya tartibi va qoidalari bo‘lishi lozim. Qolaversa, renovasiya dasturi loyihasi renovasiyaga tushadigan uy-joy mulkdorlarining roziligiga asoslanishi hamda keng jamoatchilik muhokamalaridan o‘tkazilishi shart.

Renovasiya bo‘yicha qonun qabul qilinmasdan, bu ishlar amalga oshirilsa, afsuski bir necha yillar oldin mulkdorlarning huquqlarini buzish va mamlakatimiz imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan «snos», degan holatga o‘xshash jarayonlar boshlanib ketishi ehtimoldan yiroq emas.

Yangilangan Konstitusiyamizning 49-moddasida shaharsozlik hujjatlari loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi qat’iy belgilangan. Uy-joy mulkdorlari huquqlari esa Asosiy Qonunimizning tegishli moddalari bilan qat’iy kafolatlandi.

Qolaversa, O‘zbekistonga ko‘plab investorlar kelayotgan, turizm rivojlanayotgan bir sharoitda Toshkentning qadimiy va tarixiy ahamiyatga molik binolarini, ko‘p qavatli turar joylarni, umuman olganda shaharning tarixiy qiyofasi va arxitekturasini ham saqlab qolishimiz shart.

Shu bois, Hukumat va Toshkent shahar hokimligi eng avvalo, renovasiya to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqib, parlament qabul qilgandan keyingina renovasiya bilan bog‘liq dasturlarni amalga oshirishini maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!