Parij Yevropa Ittifoqini AQShga qarshi radikal qadam tashlashga undamoqda

Fransiya, agar Donald Tramp ma’muriyati tomonidan bojlar joriy etilsa, Yevropa Ittifoqiga ilk bor AQShga qarshi o‘zining “eng kuchli” savdo siyosati vositasidan foydalanishni taklif qildi. Bu haqda Bloomberg Yevropa Ittifoqi diplomatik doiralaridagi manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Ushbu mexanizm uchinchi davlatlar tomonidan majburiy savdo-iqtisodiy choralardan himoya qilish uchun ishlab chiqilgan. Bu Yevropa Ittifoqiga savdo va xizmatlarni cheklashdan tortib, xorijiy investisiyalar va intellektual mulk huquqlariga aralashishgacha bo‘lgan qattiq qarshi choralarni qo‘llash imkonini beradi.
Parijning fikricha, agar AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq va’da qilganidek, Yevropa importiga yangi bojlar joriy qilsa, YEI javob berishga tayyor bo‘lishi kerak.
Bloomberg agentligiga ko‘ra, Fransiya taklifini bir qancha davlatlar qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq Yevrokomissiya hozircha mexanizmni faollashtirish masalasini rasman muhokama qilmayapti, AQShdan aniq qadamlarni kutmoqda.
Fevral oyida Tramp Yevropa Ittifoqining barcha tovarlariga 25 foizlik bojlarni va’da qilgan va Yevropadagi alkogolli ichimliklarga 200 foizlik bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi. Uning fikricha, Yevropa soliq qoidalari va tarifsiz to‘siqlar Amerika tovarlariga nisbatan adolasizdir.
Evropa Ittifoqi avvalroq AQShning po‘lat va alyuminiyga bojlariga nisbatan javob choralarini aprel oyining o‘rtalarigacha qoldirgan edi. Vaziyat kuchaygan taqdirda, Fransiya barcha mumkin bo‘lgan vositalardan, jumladan, "majburlashga qarshi" YEI arsenalidagi eng kuchli vosita sifatida foydalanishni talab qiladi.