Sud Yozef Blatter va Mishel Platinini korrupsiya ishi bo‘yicha yana oqladi

Shveysariyaning Muttens shahridagi Federal jinoiy sudning favqulodda apellyasiya sudi FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatter va UYEFA sobiq prezidenti Mishel Platinini korrupsiya ayblovlari bo‘yicha oqladi, deb xabar bermoqda Reuters.
2022 yilda Blatter va Platini quyi sud tomonidan oqlangan, biroq Shveysariya prokuraturasi qaror ustidan shikoyat qilgandi.
«Ikkita oqlov hukmidan so‘ng, hatto Shveysariya Bosh prokuraturasi ham bu jinoiy ishlarning butunlay barbod bo‘lganini tushunishi kerak», — dedi Platinining advokati Dominik Nellen.
Prokuratura sobiq futbol amaldorlarini firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish, o‘zlashtirish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblagandi. Ish Platini 2011 yilda FIFAdan 1998 yildan 2002 yilgacha konsalting xizmatlari uchun to‘lov sifatida olgan 2 million shveysariya franki (2,26 million dollar) to‘loviga taalluqli edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, to‘lov noqonuniy bo‘lgan va Blatter hamda Platini FIFAni aldagan. «Ular [Blatter va Platini] FIFA Platinidan qarzi borligini yoki Platini konsalting ishi uchun 2 million shveysariya franki olish huquqiga ega ekani haqida yolg‘on da’vo qildi. Bu aldov har ikki sudlanuvchi tomonidan bir necha bor yolg‘on bayonotlar berish orqali amalga oshirilgan», — deyiladi ayblov xulosasida.
Biroq Blatter Platini bilan og‘zaki kelishuvga erishganini va to‘lov 2011 yilgacha kechiktirilganini, chunki FIFAda o‘sha paytda yetarli mablag‘ yo‘qligini aytdi.
Sud Blatter va Platinining yonini olib, to‘lov bo‘yicha og‘zaki kelishuv ehtimolini inkor etib bo‘lmasligini va to‘lov miqdori Fransiya terma jamoasining sobiq sardori va murabbiyi Platinining tajribasi bilan izohlanishini aytdi.
Tergov 2015 yilda boshlangan va Blatter hamda Platini o‘z lavozimlaridan iste’foga chiqqan edi. FIFAning Etika qo‘mitasi ikkalasini ham sakkiz yilga diskvalifikasiya qilgan, biroq keyinroq muddat qisqartirilgandi.