Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovlarda ishtirokiga oid huquqlari kafolatlanadi

A A A
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovlarda ishtirokiga oid huquqlari kafolatlanadi

Mamlakatimizda 2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 941 ming nafarni tashkil etadi. Bu umumiy aholining 2,6 foizi, deganidir. Bu toifadagi insonlarning huquqlarini himoya qilish va yuzaga chiqarish dolzarb ahamiyatga ega.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash sohasidagi umum e’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar milliy qonunchilikka implementasiya qilingan.

Mazkur qonun loyihasida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq «muomala» va «oqilona moslashtirish» kabi tushunchalar kiritilib, ularga ta’rif berilmoqda. Shuningdek, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunning 30-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish huquqiga oid norma bilan to‘ldirilmoqda. Bundan tashqari, ularning boshqalar bilan teng ravishda jamiyat va davlat siyosiy hayotida, ya’ni saylov va referendumlarda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish borasidagi huquqlari kafolatlanmoqda.

Taklif etilayotgan yangi normalar nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga hamda ushbu sohadagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlarning fikr-mulohaza va takliflaridan so‘ng birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!