Namanganda hamshira hech qanday sababsiz ishdan bo‘shatildi, oyligi ham berilmagan

Namanganda hamshira hech qanday sababsiz ishdan bo‘shatildi, oyligi ham berilmagan

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Namangan viloyati, Norin tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.N.ning yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.

Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, M.N. 2020 yil 15 iyun kunidan buyon Norin tibbiyot birlashmasining yo‘llanmasiga buyrug‘iga ko‘ra 17-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi hamshirasi vazifasida ishlab kelgan. Lekin, hech qanday asossiz poliklinika bosh shifokori tomonidan vazifasidan ozod etilgan va 2020 yilning iyun-sentyabr oylaridagi mehnati uchun ish haqi to‘lab berilmagan.

Murojaatchining yozishicha, unga M.N.ning ishga qabul qilinishi haqidagi buyruq soxta ekanligi sababli Norin tibbiyot birlashmasi rahbarlari tomonidan boshqa munosib ishga o‘tkazish va’da qilingan lekin bajarilmagan.

Ushbu murojaat nazoratga olinib, atroflicha va xolisona ko‘rib chiqish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilganda, Namangan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan yuzaki o‘rganib chiqilib, xodim o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shagani va hozirda bo‘sh ish o‘rni yo‘qligi ma’lum qilinib, bir yoqlama javob qaytarilgan. Xodimni ishdan bo‘shatishda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari e’tibordan chetda qolgan.

Fuqaroning huquq va manfaatlari ta’minlanmagach, Ombudsman Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Natijada murojaatni ko‘rib chiqishda ijro intizomini qo‘pol ravishda buzganligi sababli Norin tumani tibbiyot birlashmasining kadrlar bo‘limi boshlig‘i va bosh iqtisodchisiga “hayfsan” berilgan.

Murojaatchi M.N. esa 17 sonli oilaviy poliklinikaga yarim stavkaga patronaj hamshirasi sifatida ishga olingan. To‘lanmay qolgan ish haqlari ham undirib berilgan.

Ma’lumot uchun: “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra, davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi hamda qonunlari talablariga rioya etishi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi uchun choralar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rishi shart.

Shuningdek, davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari o‘z tuzilmaviy bo‘linmalari tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash choralarini ko‘radi deb belgilangan.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!