Kanadada musulmon ayolning hijobiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi

Kanadaning Ontario provinsiyasida kutubxonadagi muslima ayolga hujum qilib, uning bosh kiyimini (hijobini) yoqib yubormoqchi bo‘lgan erkak qo‘lga olindi.
Durham viloyati polisiyasi bayonotida aytilishicha, voqea Eydjaks shahrida sodir bo‘lgan.
Polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, ayol kutubxonada o‘qib yurgan vaqtida unga notanish shaxs kelib, unga turli narsalarni tashlab, haqoratlay boshlagan.
"Hujumchi jabrlanuvchining hijobiga noma’lum suyuqlik quyish orqali yirtib tashlashga uringan, so‘ng uni olov bilan yoqib yuborishga uringan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, vaziyatga kutubxona xavfsizligi aralashgan. Qochishga uringan hujumchi bir necha soatdan keyin polisiya tomonidan qo‘lga olingan.
Tergovchilar hujumga nafrat sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.
CBC News xabariga ko‘ra, Kanada musulmonlari milliy kengashi (NCCM) direktori Stiven Braun, mamlakatdagi musulmonlarni himoya qilish bo‘yicha eng yirik tashkilot bu kabi sharmandali zo‘ravonliklar jamiyatda odatiy holga aylanganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Kanadada islomofobiya holatlari keskin ko‘paygan.
Braun mamlakat siyosatchilarini muammoga e’tibor qaratishga chaqirdi va polisiyadan hujumni nafrat jinoyati sifatida tasniflashni talab qilishini aytdi.
O‘z navbatida, Eydjaks meri Shon Kolyer va kutubxona kengashi raisi Piyali Korreya qo‘shma bayonotda hujumga musulmonlarga qarshi kayfiyat sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Ular musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida ro‘y bergan hodisadan jabrlanganlarning barchasini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, “nafrat va murosasizlikning har qanday ko‘rinishlariga qat’iy qarshi turishlarini” ta’kidladilar.