Jazodan yoshlar ham ozod qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan murojaatnomasida “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak” degan chuqur ma’noli so‘zlar keltirib o‘tildi.
Shuningdek, Prezident SH.M.Mirziyoyev murojaatnomada, 2020 yilga “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berilganini, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash bo‘yicha yagona ko‘rsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksini joriy etish, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi “O‘zbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasini ishlab chiqishi, unda ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi lozimligi haqida takliflar ilgari surilgan edi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlarning muhim yo‘nalishi sifatida sud-huquq sohasidagi islohotlar bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan beshta ustuvor yo‘nalishning ikkinchi yo‘nalishida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
Respublikamizda sud hokimiyatining mustaqilligini, fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish faoliyatini yanada takomillashtirish yo‘nalishida sudlar tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, sudlarning moddiy texnik ta’minotini yaxshilashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Bugungi kunda, sudlarda ko‘rilayotgan ishlarda, taraflarni murosaga keltirish, jabrlanuvchining buzilgan huquqlarini tiklash, unga yetkazilgan zararlarni to‘la undirish choralari ko‘rish, aybdor shaxslarga adolatli, qilmishiga yarasha jazo tayinlash, mana shunday davrda millatimzga xos kechiririmlik, yo‘lidan adshaganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish va ularga imkoniyatlar berishga sudlar tomonidan ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudida 2020 yil
24 aprel kuni o‘tkazilgan ochiq sud majlisida muqaddam turli jinoyatlarni sodir etib, sud hukmi bilan tayinlangan jazolarni o‘tab turgan, ijobiy tavsifnomaga ega hamda mehnatga halol munosabatda bo‘lgan 7 nafar mahkumlar, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
73-moddasi (jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish) talabi asosida jazolardan muddatidan ilgari shartli ozod qilindilar.
Jazodan ozod qilinganlarning orasida ikki nafar yoshlarning mavjudligi, Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyevning murojaatnomasida aytib o‘tilganidek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
S.Shodiyeva, Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudining sudya yordamchisi