Rossiyaliklar "Humo arena" bo‘yicha shikoyat qilishdi
22 dekabr kuni Toshkent shahridagi "Humo arena" majmuasida xokkey bo‘yicha KXL doirasidagi "Dinamo" Minsk va "Spartak" Moskva jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘tkazilgandi.
O‘yindan oldin va keyin rossiyalik bir qator blogerlar, bundan tashqari, "Spartak" murabbiyi Aleksey Jamnov "Humo arena"dagi yoritish tizimi sifati past ekanidan shikoyat qildi.
Dastlab, bloger Dmitriy Yerikalov o‘z kanalida shunday yozib qoldirdi:
"Ertalab Jamnov "Spartak" mashg‘ulotlarini qorong‘ida o‘tkazganidan shikoyat qilgandi. Kechga borib, yorug‘lik kuchaytirildi, ammo televizor tasviridan ko‘rinib turibdiki, u KXL standartlariga mos kelmaydi. Ammo Shveysariya kabi Yevropa mamlakatlari uchun bunday yorug‘lik yaxshi. Biz shunchaki xafa bo‘ldik".
("Humo arena"dagi o‘yin)
Murabbiy Aleksey Jamnov esa o‘yindan keyin quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Arenadagi yorug‘likka kelsak, biroz qiyin bo‘ldi. Hatto biz, murabbiylarning ham ko‘zlari charchab qolgan edi. Muzning sifatiga kelsak, biz Rossiya bo‘ylab sayohat qilamiz: qayerdadir muz yaxshiroq, qayerdadir yomonroq. Sifat hamma joyda deyarli bir xil".
(Moskvada tashkil etilgan KXL o‘yinidan parcha).
Bu vaziyatga "Humo" media bo‘limi rahbari Aleksandr Malishev munosabat bildirdi:
"Haqiqatan ham burchaklarda chiroqlarning aniq etishmasligi muammosi mavjud. Muammo anchadan buyon bor. Slovakiyadan kelgan kompaniya Toshkentda chiroqlarni o‘rnatishda muz maydoni o‘lchamlarini o‘tkazib yuborgan degan qarash mavjud. O‘zbekiston xokkey federasiyasi vaqti-vaqti bilan slovaklarni chaqirib turadi, ular ham aylanib yurishadi, lekin natijani ko‘rib turibsiz. "Humo" KXLga chiqsa, bu muammoni hal qilish kerak", deydi Malishev.