Qozog‘iston rasmiylari samolyot qulashi xronologiyasini e’lon qildi
Qozog‘istonda qulagan Azerbaijan Airlines samolyotining boshqaruv tizimlari ishdan chiqqan bo‘lgan. Ekipaj yo‘nalish va balandlikni barqaror saqlab tura olmagan. Qozog‘iston transport vaziri Marat Qaraboyev voqealar ketma-ketligini keltirdi.
Dastlabki xabar soat 10:43 da Rostov hududiy dispetcheridan Aqto‘be tuman dispetcherlik markaziga kelib tushgan. Unda Embraer-190 samolyotini Grozniydan zaxira aerodromiga yo‘naltirish haqida ma’lumot berilgan. Samolyotning boshqaruv tizimlari, balandlik ruli va eleronlari Qozog‘iston havo hududiga kirmasdan oldinroq ishdan chiqqan.
“Rostov dispetcheri Maxachqal’a va Bokudagi ob-havo ma’lumotlari taqdim etilgandan so‘ng, ekipaj Oqtov shahriga uchishga qaror qilganini xabar qildi”, dedi Qaraboyev.
Soat 10:53 da Rostovdagi parvoz rahbari Oqtov minorasidagi parvoz rahbariga qo‘shimcha ma’lumot yetkazgan. Unga ko‘ra, samolyotning yo‘lovchilar salonidagi kislorod balloni portlab ketgan, yo‘lovchilar hushini yo‘qota boshlagan. Samolyot yetib kelgach, reanimasiya xizmati so‘ralgan. Favqulodda vaziyat xizmatlari samolyot Qozog‘iston havo hududiga kirishidan oldinoq uni qabul qilishga shay turgan.
Dispetcher kemani aerodromga qo‘ndirish uchun barcha zarur harakatlarni amalga oshirgan. Bundan tashqari, uchish-qo‘nish yo‘lagini ko‘rishni osonlashtirish maqsadida chiroqlar yoqilgan.
Ekipaj Oqtov aerodromining uchish-qo‘nish yo‘lagiga ikki marta qo‘nishga uringan, bunda aviakemaning balandligi tartibsiz o‘zgarib turishi kuzatilgan — u qirg‘oq chizig‘i tomon og‘ib ketgan.
Soat 11:28 da ekipaj bilan aloqa uzilgan va samolyot yerga qulagan. Oqtov aeroportining qutqaruv xizmati voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan va darhol yo‘lovchilarni evakuasiya qilishga kirishgan.