Energetika tizimida nazorat: 2024 yilda 1,4 trillion so‘mlik energiya resurslari talon-taroj qilingan
2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qonun hujjatlarining ijrosi va davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.
Xususan, yil davomida muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 8 ming 289 ta tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish va qoidabuzarlik holatlari aniqlangan. Mazkur holatlar tufayli davlat manfaatlariga 1 trillion 409 milliard so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, elektr energiyasi bo‘yicha 730,1 milliard so‘mlik ( 91 ta mayning, 184 ta AGTKSH, 1 422 ta suv nasosi) va tabiiy gaz bo‘yicha 679,1 milliard so‘mlik ( 57 ta AGTKSH, 64 ta issiqxona, 5 ta ohak sexi) energiya resurslari talon-taroj qilingan.
Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan 51 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasining lisenziyasi bekor qilindi. Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 9 ming 84 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.
Neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida AYOQSh va korxonalardan olingan tahlil na’munalaridan 189 ta holatda 5 million 348 ming litr neft mahsulotining sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishining oldi olindi.
Quvvati 50 kV va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga berilgan ko‘rsatmalar davomida 25 ming 730 ta iste’molchida reaktiv energiyasini kompensasiya qilish bo‘yicha qurilmalarning o‘rnatilishi ta’minlandi. Buning natijasida o‘tgan yilga nisbatan 26 ta podstansiya va 671 ta tarmoqda quvvat koeffisiyenti ko‘tarilishiga erishildi. Shuningdek, berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan 1 ming 523 ta iste’molchiga ma’muriy bayonnomalar tuzildi.
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha 47 ming 396 ta profilaktika tadbiri tashkil etildi. 416 ta ob’ektda tekshiruvlar amalga oshirildi. 11 ming 967 ta ijtimoiy soha ob’ekti hamda 7 ming 562 ta ko‘p qavatli uyning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi. Energiya resurslarining iste’moldagi holati hamda ularni iqtisod qilish bo‘yicha aniq va muhim bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etuvchi 20 ming 342 ta ijtimoiy soha ob’ektining energetik pasporti shakllantirildi.
“O‘zenergoinspeksiya” energetika sohasida 3 ta qonun, Prezidentning 7 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 18 ta qarori, shuningdek, 3 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.
Xulosa shuki, energetika resurslaridan foydalanishda qonunbuzarliklarga qarshi kuchaytirilgan nazorat tadbirlari davlat manfaatlariga yetkazilgan zararni qisqartirish va tizimning samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.