BMT 2025 yilga nom e’lon qildi
Tojikiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2022 yilda qabul qilingan rezolyusiyaga muvofiq 2025 yil Xalqaro muzliklarni saqlash yili deb e’lon qilindi. Bu haqda tashkilotning ijtimoiy tarmoqlarida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, muzliklarning erishi jiddiy global muammoga aylangan. So‘nggi 20 yil ichida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni qamrab olgan G‘arbiy Tyan-Shandagi muzliklar 27 foizga qisqargan.
“Antarktida har yili o‘rtacha 150 milliard tonna muzni yo‘qotadi, Grenlandiya esa 270 milliard tonna muzni yo‘qotadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, muzliklar 2 milliardga yaqin aholini suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va gidroenergetika bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
14 ming muzlikning mingdan ortig‘i allaqachon erib ketgan Tojikistonda bu muammo keskin. Shuningdek, Tojikiston muzliklari O‘rta Osiyo suv resurslarining 60% gacha bo‘lgan qismini ta’minlaydi.
Tashkilotga ko‘ra, “Xalqaro muzliklarni asrash yili”ning maqsadi muzliklarning ahamiyati va ularni kelajak avlodlar uchun himoya qilish zarurligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirishdan iborat. Qolaversa, 2025 yilda Tojikistonda bu masalaga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazilishi ham qo‘shimcha qilingan.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari yil uchun asosiy mavzularini belgilab olgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yil “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilingan, Qozog‘istonda - Ishchi kasblar yili, Turkmanistonda - Xalqaro tinchlik va ishonch yili.