Qozog‘istondagi aviahalokatda qancha odam qurbon bo‘lgani aytildi
Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Embraer 190 halokati 38 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayev ma’lum qildi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarning 29 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafari bolalardir. 11 kishining ahvoli og‘ir, dedi Bozumbayev.
Samolyot qulagan Tupqaragan tumanida mahalliy darajada favqulodda holat joriy qilingan.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi yakuniy raqamlarni e’lon qildi:
“Samolyotda 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida olti nafar Qozog‘iston, 42 nafar Ozarbayjon, uch nafar Qirg‘iziston, 16 nafar Rossiya fuqarosi bor, bir kishining fuqaroligi aniqlanmoqda. Ekipaj a’zolarining barchasi Ozarbayjon fuqarolaridir. Hodisa oqibatida 29 kishi kasalxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafari bola. Ulardan: 15 nafari Ozarbayjon, 9 nafari Rossiya, ikki nafari Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lib, uch nafarining fuqaroligi aniqlanmoqda”, — deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.
Ishonch telefon raqamlariga 571 ta qo‘ng‘iroq kelib tushdi. Hodisa joyida qidiruv-qutqaruv ishlari kinologiya xizmatlari ishtirokida davom etmoqda.