Janubiy Afrika hayvonot bog‘idagi so‘nggi fil 40 yillik tutqunlikdan keyin ozod etildi

Janubiy Afrika hayvonot bog‘idagi so‘nggi fil 40 yillik tutqunlikdan keyin ozod etildi

Janubiy Afrika milliy hayvonot bog‘idagi so‘nggi fil 40 yillik tutqunlikdan so‘ng yovvoyi tabiatga qaytarildi.

Charli laqabli fil 1984 yil, ikki yoshligida Zimbabvening Hvanj milliy bog‘ida ushlangandi. Fil Janubiy Afrikadagi Boswell Wilkie sirkiga keltirilgan va fokuslarni ijro etishga o‘rgatilgan. 2000 yillarning boshida u mamlakat milliy hayvonot bog‘iga ko‘chirildi.

So‘nggi yillarda hayvonlarni himoya qilish guruhlari filning sog‘lig‘i haqida qayg‘urib, uni ozod qilish talabi bilan chiqdi.

20 avgust kuni yovvoyi tabiat huquqlarini himoya qiluvchi EMS fondi fil “ozodlik tomon to‘rt soatlik mashaqqatli safar”dan so‘ng Limpopo viloyatidagi Shambala xususiy qo‘riqxonasidagi yangi uyiga yetib kelganini e’lon qildi.

Bayonotda aytilishicha, filning ozod etilishiga Janubiy Afrika hukumati bilan ko‘p yillik muzokaralardan so‘ng erishilgan. EMS Foundation va uning hamkorlari fillar hayvonot bog‘larida azob chekishini ko‘rsatadigan ilmiy dalillarni taqdim etgan.

Hayvonot bog‘ida Charli to‘rtta filning o‘limiga guvoh bo‘lgan, ular orasida hali bir oyga to‘lmagan bolasi ham bor edi.

Filning yangi uyi 10 000 gektarlik qo‘riqxona bo‘lib, u yerda fillarning rivojlanayotgan populyasiyasi mavjud. Qo‘riqxonada hayvonlar yovvoyi tabiatga muvaffaqiyatli qayta integrasiya qilib kelinadi.

Hududda Charli veterinariya va mutaxassislar tomonidan diqqat bilan kuzatib boriladi. Qayd etilishicha, jonivorda allaqachon yangi muhitga moslashish belgilari namoyon bo‘lmoqda.

Filni ko‘chirishga rahbarlik qilgan veterinar doktor Amir Halil Charli reabilitasiya va oziqlantirish dasturi ostida ekani, yaqin oylarda uni yanada kattaroq hududga qo‘yib yuborish rejalashtirilganini aytdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Afrikada 25 000 dan ortiq yovvoyi fillar mavjud.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!