Jan-Klod Yunker Brexit’ni tarixiy xato va fojia deb atadi

Jan-Klod Yunker Brexit’ni tarixiy xato va fojia deb atadi

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi tarixiy xato va fojia bo‘ldi, biroq Yevropa britaniyaliklarga nisbatan tajovuzkorona kayfiyatda emas. Bunday fikrni Yevropa komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker Strasburgda Yevroparlament umumiy sessiyasidagi debatlarda aytib o‘tdi.

“Biz Britaniya xalqining tanlovini hurmat qilishimiz kerak va bizning vazifamiz Brexit masalasini ham Buyuk Britaniya, ham Yevropa Ittifoqi manfaatlariga mos tarzda hal qilishdan iborat”, – deb aytgan Yunker. 

Yunkerning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi bo‘lg‘usi munosabatlar formati bo‘yicha murakkab muzokaralar olib borilayotgan Buyuk Britaniyaga qarshi adovat kayfiyatida emas. “Biz Buyuk Britaniya Yevropaning ozod etilishi va unda erkinlik o‘rnatilishida muhim rol o‘ynaganini tan olishimiz kerak va bu uchun undan minnatdormiz”, – deb qo‘shimcha qilgan Yunker. 

Evrokomissiya raisining ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya “ularni bog‘lab turuvchi buyuk tarixni unutmasligi kerak”. “Men haqiqatan ham Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini fojia va tarixiy xato, yanglishish deb hisoblayman va muammolarni eng maqbul tarzda hal qilish uchun imkoni bor ishni qilishimiz lozim. Yevrokomissiya bu yo‘nalishda harakatlanmoqda”, – deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Yunker.

Rasman Brexit 2019 yil 29 martda bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin rejaga ko‘ra, 2020 yil 31 dekabrgacha o‘tish davri boshlanadi. Bu davr davomida Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi byudjetiga badallarni to‘lash majburiyatini olgan. 

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!