Ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha takliflar berildi

Ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha takliflar berildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Zuhra Ibragimova boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida bo‘lib, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar holatini atroflicha o‘rgandi.

Mazkur o‘rganish yakunlari Xalq deputatlari Yangiyer shahar kengashining navbatdagi sessiyasida muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Yangiyer shahrida joriy yilning yanvar-mart oyida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 106,1 foizni tashkil etgan. Ko‘pgina yo‘nalishlar, xususan, qurilish ishlari, chakana savdo aylanmasi, xizmatlar sohasida ham yaqqol o‘sish kuzatilgan.

Shaharda asosiy turdagi iste’mol mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali inflyasiyani jilovlash hamda mahsulotlarning narxlari yuzasidan doimiy monitoring olib borish va narxlar keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.

Sessiyada barcha sohada amalga oshirilayotgan ishlar qayd etilib, sanoatda tannarxni yanada kamaytirish, korxonalarda qo‘shilgan qiymatni oshirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish, joriy yil yakuniga qadar hududiy yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atini 10,7 foizga oshirishga erishish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirgan korxonalarni to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalarning quvvatlarini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha ham takliflar ilgari surildi.

Sessiyada kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!