Iroqda aql bovar qilmas mudhish jinoyat avj olmoqda. Asosiy sabablar ma’lum

Iroqda aql bovar qilmas mudhish jinoyat avj olmoqda. Asosiy sabablar ma’lum

 

 

 

 

Oilaviy an’analar yuksak qadrlangan va bolaparvarligi bilan tilga tushgan Iroqda so‘nggi paytlarda favqulodda holat kuzatilmoqda: ota-onalar tomonidan o‘z farzandini o‘ldirish jinoyati ko‘payib bormoqda. Bu haqda «Al Arabi Al Jadeed» nashri xabar beradi.

Iroq sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, birgina 2020 yilda mamlakatning turli shaharlarida 23 nafar voyaga yetmagan bola o‘z ota-onasi tomonidan o‘ldirilgan. Qurbonlar orasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan tortib 13 yoshga qadar bo‘lgan o‘smirlar bor. Ayni choqda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ham avj olmoqda. Mamlakat sudlarida 2019 yil davomida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 1606 ta jinoiy ish ko‘rilgan. Bu rasmiy raqamlar, asl voqelik bundan-da dahshatliroq ekani taxmin qilinmoqda. Negaki, qishloq joylarda bunday jinoyatlar deyarli rasmiy ro‘yxatlarga olinmaydi. Nikohsiz dunyoga kelgan chaqaloqlarning masjidlar yoniga yashirincha tashlab ketilishi esa alohida tadqiqotga mavzu bo‘la oladi. 

Bir necha oy avval Bag‘dod markazida yashovchi ayol ikki farzandini Tigr daryosiga cho‘ktirgani fosh bo‘lgach, jamoatchilik tangu tong holatga tushdi. Ushbu mudhish jinoyat to‘lqini  hali tinmay turib 5 yanvar kuni poytaxt sharqida ota 3 yoshli o‘g‘lini bo‘g‘izlagani haqida xabar tarqaldi. Bir necha kun avval esa ota 6 yoshli qizini balkondan uloqtirgani ma’lum bo‘ldi.  Basra shahri polisiyasi xodimi o‘z pushtikamaridan bo‘lgan qizini o‘lasi qilib kaltaklagani ham jiddiy xavotirlar uyg‘otdi. Karbalodagi fojia ham jamoatchilikni dahshatga soldi: ota 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 4 farzandini tiriklay yoqib yuborgan. Kurdiston muzofotida yashovchi ayol 4 oylik qizini o‘ldirib ko‘chaga tashlab ketgani-da mamlakatda duv-duv gap bo‘ldi.

Iroqlik olima Asmo Abdul Jabborga ko‘ra, avval juda kam kuzatilgan bunday jinoyatlarga avvalo jamiyat a’zolari orasidagi ruhiy beqarorlik doyalik qilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tenglikning avj olishi, ishsizlik hamda qashshoqlikning kuchayishi aql bovar qilmas jinoyatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Psixologiya professori Adnan Mahmud esa bolalarning qatl etish bilan bog‘liq holatlar avj olishiga urushni asosiy aybdor deb biladi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!