Firdavs Abduxoliqov “NAESMI”ni 2,7 mlrd so‘m qarz bilan qoldirgan

Firdavs Abduxoliqov “NAESMI”ni 2,7 mlrd so‘m qarz bilan qoldirgan

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasiga sobiq rais Firdavs Abduxoliqovdan 2,7 mlrd so‘mlik qarz “meros” bo‘lib qolgan. Bu haqda, Kun.uz manbalariga ko‘ra, tashkilotning yangi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja 4 may kuni o‘tkazilgan assosiasiyaning hisobot yig‘ilishida ma’lum qilgan.

Qudratxo‘ja Kun.uz bilan suhbatda bu ma’lumotni tasdiqlashni istamadi, biroq inkor ham etmadi. Shu bilan birga, bu masalada izoh berishni rad etdi.

4 may kuni Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida o‘tgan yig‘ilishda qatnashgan ikki manbaning bildirishicha, tashkilotning yangi rahbari assosiasiya o‘z a’zolaridan 2,7 mlrd so‘m qarzdor ekanini aytib, buni hal qilish uchun iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qarzdorlikning kelib chiqishi shartnomalarning “biroz noto‘g‘ri tuzilgani” va “keraksiz narsalar”, xususan texnikalar xarid qilingani bilan bog‘liq.

Assosiasiya raisi muammo yechimi uchun a’zolardan unga biroz vaqt berishlarini so‘rab, qarzni undirish maqsadida sudga murojaat qilishmagani uchun minnatdorchilik bildirgan.

Mazkur yig‘ilishda EOAVMA nomini O‘zbekiston Milliy media assosiasiyasi deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Assosiasiyaga Abrorjon Po‘latov bosh direktor etib tayinlandi.

O‘zbekiston Milliy media assosiasiyasi – nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lib, 18ta nodavlat telekanal, 19ta radiokanal va kabel televideniyesiga a’zo 100ta elektron OAVni o‘z ichiga olgan.

Tashkilotni 19 yil davomida boshqarib kelgan Firdavs Abduxoliqov 2022 yil fevral oyida iste’fo bergan, bu uning davlat amaldori sifatida korrupsion mojaro figurantiga aylanishi fonida ro‘y bergandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!