Farg‘ona ichki ishlar tizimida "tozalash" amalga oshirildi

Farg‘ona ichki ishlar tizimida "tozalash" amalga oshirildi

Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari hamda O‘z xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida ichki ishlar boshqarmasi va hududiy bo‘linmalarida xizmat qilayotgan xodimlar bilan xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Viloyat IIB majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat IIB tarkibidagi boshqarmalar va sohaviy xizmat rahbarlari, shaxsiy tarkibi, shahar-tuman IIB boshliqlari, ularning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etgan bo‘lsa, hududiy ichki ishlar bo‘limlarida ham mas’ul xodimlar jarayonni videoaloqa tarzida bevosita kuzatib bordilar. Yig‘ilishni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik R. Mamatov boshqarib bordi.

Ichki ishlar vazirining kadrlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik R.Hatamov kun tartibidagi masala – xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xizmat intizomining buzilishi, shuningdek, kelgusida xodimlar o‘rtasida salbiy holatlarning oldini olish borasida atroflicha so‘z yuritdi.

Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim xodimlarga nisbatan turli xil intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi. Masalan, faoliyatida kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ygan 2 nafar xodimni ichki ishlar organlari safidan bo‘shatish, 2 nafar xodimni xatti-harakatiga intizomiy jazo sifatida maxsus unvonini bir pog‘onaga pasaytirish bo‘yicha taklif kiritildi. Xizmat intizomi va qonunchilikni buzishga moyil 10 nafar xodimlarning faoliyatini intizomiy kengashlarda muhokama qilib, ularni ichki ishlar organlarida qolish-qolmaslik masalasini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 2 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 6 nafar xodimga qattiq xayfsan berildi. 68 nafar xodim esa ogohlantirildi.

Shuningdek, tadbir jarayonida o‘z burchi va qasamyodiga sodiq qolib, jinoyatchilikning oldini olgan 2 nafar xodimga pul mukofoti, ularning ota-onasiga esa tashakkurnomalar taqdim qilindi. 10 nafar xodimga esa oilaviy sharoitini yaxshilash uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!