Engil avtomobillar savdosi o‘tgan yillarga nisbatan eng past darajaga tushdi

Engil avtomobillar savdosi o‘tgan yillarga nisbatan eng past darajaga tushdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lum qilishicha, iyun oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston avtomobil bozorida sotuvlar pasaydi.

O‘tgan oyda mamlakat bo‘ylab jami avtomobil savdosi 13,6 foizga kamayib, qariyb 87 mingtaga yetdi. Yillik hisobda (2023 yil iyuniga qaraganda) faollik 1,4 barobar qisqardi.

Markazning fikricha, bu dinamika qisman mavsumiy omillarga bog‘liq bo‘lishi mumkin, chunki yozgi mavsum an’anaviy ravishda ishbilarmonlik faolligining pastligi bilan xarakterlanadi.

Yilning dastlabki uch oyida yengil avtomobillar savdosi keskin pasaygan bo‘lsa, may oyida 14 foizga o‘sgan. Biroq iyun oyida sotuvlar hajmi yana 13,3 foizga – 77,6 ming donagacha qisqardi, bu 2021 yining dekabridan beri minimal ko‘rsatkichdir (o‘shanda sotuvlar 60 ming donadan kamroqqa tushgandi). Yil davomida yengil avtomobillar bozori ham 1,4 barobar qisqardi.

Hududlar kesimida eng katta pasayish Surxondaryo va Andijon viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda kuzatildi – o‘rtacha 22 foiz. Olti oyda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ijobiy dinamika Xorazm va Navoiy viloyatlarida kuzatildi – o‘rtacha 7 foizga.

Birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 580 ming donani tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 19 foizga past. Bu nafaqat oldin ekspluatasiyada bo‘lgan avtomobillarga talabning pasayishi bilan, balki avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining murakkablashishi hamda rasmiylashtirish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish qiymatining oshishi bilan ham izohlanadi.

Savdolar umumiy pasayishining 97,3 foizi foydalanilgan avtomobillarda kuzatildi. Talablarning qattiqlashishi va ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarining qimmatlashishi oldi-sotdi bitimlari sonining qisqarishiga ta’sir qildi. Bu esa o‘z navbatida, avtomobil bozorida umumiy savdo ko‘rsatkichlariga aks ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Iyun oyida yangi yengil avtomobillar sotuvi may oyiga nisbatan 9 foizga kamayib, 26 ming donadan oshdi. Yil davomida ushbu segmentdagi faollik atigi 5,3 foizga kamaydi.

Shunday qilib, yangi yengil avtomobillarning birlamchi bozori ikkilamchi bozorga nisbatan ancha barqaror dinamikani ko‘rsatmoqda.

Iyun oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni sotish sur’ati pasayishda davom etdi. O‘zbekistonliklar mahalliy avtomobillarni may oyiga nisbatan 10 foizga kamroq xarid qildi.

Yillik ko‘rsatkichlarda faollikning biroz pasayishi kuzatilmoqda – 0,8 foizga.

O‘zbekiston bozorida xorijiy yengil avtomobillar bozori turg‘unlik belgilarini namoyon etmoqda. Iyun oyida ushbu segmentdagi sotuvlar atigi 0,4 foizga o‘sdi va 2,4 ming dona atrofidani tashkil etdi. Faollikning nisbatan kichik o‘sishi yillik hisobda sotuvlarning sezilarli pasayishini qoplamaydi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 34 foizni tashkil etdi.

Iyunda yengil elektromobillar segmenti sotuvlarning pasayishini namoyon etdi. Sotuvlar hajmi 3 ming donaga yetdi, bu esa may oyidagiga nisbatan 800 dan ortiqqa kamdir (-27 foiz). Shunga qaramasdan, elektromobillar savdosi o‘tgan yilning iyun oyi darajasiga nisbatan 1,3 baravarga oshdi.

Agar O‘zbekistonda elektromobillar birlamchi bozorida sotuvlar bir oy ichida sezilarli darajada – 28 foizga qisqargan bo‘lsa, ikkilamchi bozorda buning aks tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu segmentda mart oyidan buyon faollikning o‘sishi qayd etilmoqda. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 2,4 foizni tashkil etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!