Rossiyaning Krivoy Rogga zarbasi oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi

Raketa zarbasining qurbonlari haqidagi aniq ma’lumotlarni 5 aprel kuni ertalab shahar mudofaa kengashi raisi Aleksandr Vilkul e’lon qildi.
U halok bo‘lganlar orasida 9 nafar bola borligini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, 68 kishi jarohat olgan, ularning 40 nafari kasalxonalarda davolanmoqda.
Krivoy Rog mudofaa kengashi raisining ta’kidlashicha, Rossiya zarbasi oqibatida 34 ta ko‘p qavatli uy, 6 ta ta’lim muassasasi, do‘konlar, biznes va infratuzilma ob’ektlari, avtomobillar shikastlangan, bir xususiy uy butunlay vayron bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum ballistik raketalar yordamida amalga oshirilgan.
"Har kuni Rossiyaning zarbalari amalga oshirilyapti. Har kuni odamlar halok bo‘lyapti. Buning davom etayotgan yagona sababi bor: Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishni istamaydi. Biz buni ko‘rib turibmiz, butun dunyo ko‘rib turibdi. Har bir raketa, har bir zarba beruvchi dron Rossiyaning faqat urushni xohlayotganini isbotlaydi. Urush qachon tugashi faqat dunyoning Rossiyaga bosimi, Ukrainani, havo mudofaamizni, qurolli kuchlarimizni mustahkamlash bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarga bog‘liq" – deb yozdi Zelenskiy Telegram kanalida.