Namanganda yong‘in oqibatida jarohatlangan 2 bola ham vafot etdi

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida yong‘in oqibatida vafot etgan bolalar soni 3 nafarga yetdi.
Hodisa 23 mart kuni tumanning Nurafshon mahallasidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. 3 nafar qarindosh bola uydagi yerto‘laga tushib, u yerdagi sellofanlar, o‘tin va xashaklarni yoqqan, oqibatda yong‘in yuz bergan.
2021 yilda tug‘ilgan bola voqea joyining o‘zida halok bo‘lgan, 2021 yil va 2017 yillarda tug‘ilgan ikki bola esa deraza orqali qutqarib qolingan va kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yetkazilgandi.
Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, yuz, bo‘yin, qo‘l, oyoq va son qismlaridan kuyish jarohatlarini olgan ikki bola ham vafot etdi, deyiladi xabarda.
Hozirda o‘lim holatlari bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi, xonadonda sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha yong‘in-texnikaviy ekspertizasi tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.