Turkiyada chayonlarni tibbiy va kosmetologik maqsadlarda yetishtirishga ruxsat berildi

Mamlakatdagi 86 kompaniyaga chayon zaharidan tibbiy va kosmetologik maqsadlarda foydalanish lisenziyalari doirasida yangi imkoniyatlar berildi.
Loyihada Androctonus turkiyensis kabi chayonlar turlariga asosiy e’tibor qaratilgan bo‘lib, ularning zahari keng qo‘llanish doirasiga ega bo‘lgan zaharga qarshi vositalarni yaratish uchun qimmatli deb topilgan.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu zahardan ishlab chiqariladigan dori-darmonlar nafaqat ichki bozorda, balki eksport bozorida ham xaridorgir bo‘ladi.
Ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari joylashgan asosiy hududlarga Shanliurfa, Konya, Elyazig va boshqa provinsiyalar kiradi. Loyihani Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi nazorat qiladi va xavfli hasharotlarni ko‘paytirishda barcha ekologik va huquqiy me’yorlarga rioya etilishini ta’minlaydi.
Vazirlik tomonidan qayd etilganidek, mamlakatda amalga oshirilayotgan bunday yangiliklar tabiiy komponentlar asosidagi yuqori sifatli dori vositalari orqali biofarmasevtika sanoatini rivojlantirish imkonini beradi.
Biroq, Turkiyada tabiatda ruxsatsiz chayonlarni ovlash qat’iyan man etiladi. Ushbu taqiqni buzganlik uchun jarima miqdori 557 ming turk lirasiga (taxminan 15 ming dollar) yetishi mumkin.
Shunday qilib, yangi loyiha nafaqat Turkiya biofarmasevtika sanoatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi, balki noyob va xavfli chayon turlarini muhofaza qilish va tabiatda saqlanishini ta’minlash bo‘yicha muayyan chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi.