Slovakiyada 350 ta ayiqni otishga ruxsat berildi

Slovakiyada ayiqlar ishtirokidagi hujumlar ko‘paygani sababli hukumat keskin choralar ko‘rishga qaror qildi. Mamlakat bosh vaziri Robert Fiso 350 tagacha ayiqni otishga ruxsat berdi.
«Biz odamlar o‘rmonga borishdan qo‘rqadigan mamlakatda yashay olmaymiz», — deydi Fiso jurnalistlarga.
So‘nggi hodisa o‘tgan hafta Detva shahri yaqinida sodir bo‘lgan — o‘rmonda sayrga chiqqan erkak uyiga qaytmagan. Qutqaruvchilar va ko‘ngillilar ishtirokida olib borilgan keng ko‘lamli qidiruv ishlari natijasida uning jasadi topilgan. Rasmiylarning fikricha, erkak ayiq hujumi qurboniga aylangan.
Slovakiya ko‘p yillardan beri qo‘ng‘ir ayiqlarga ov qilish tartibini yengillashtirishga harakat qilmoqda. Mutaxassislarning baholashicha, mamlakat tog‘lari yoki qalin o‘rmonlarida 1200 taga yaqin ayiq yashaydi. Biroq Yevropa Ittifoqi faqat odam yoki mulkka hujum qilgan ayiqlarning yo‘q qilinishiga ruxsat beradi va bu ham boshqa choralar samara bermagan taqdirdagina amalga oshirilishi kerak.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda 93 ayiq otib o‘ldirilgan. Biroq Yan Kusyak nomidagi tergov markazi o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, o‘ldirilgan ayiqlarning hech biri odamlarga hujum qilmagan.
Hukumatning ushbu qarori ekologik tashkilotlar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.
«Tanqidlarga qaramay, hukumat o‘z qarorida qat’iy turibdi. Ammo bunday choralar haqiqatan ham xavfsizlikni oshirishga yordam beradimi yoki yo‘qmi, bu savol ochiq qolmoqda», — deyiladi xabarda.