Nurafshonda ham bog‘cha opa bolalarni kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalarining birida tarbiyachi tarbiyalanuvchi bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani va ularni urgani aks etgan video tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Holat bo‘yicha viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 2 aprel kuni Nurafshon shahridagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.
Shu kunning o‘zida shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan mas’ullardan iborat ishchi guruh tuzilib, muassasada o‘rganish ishlari olib borilgan.
“O‘rganish natijalariga ko‘ra, shuni ma’lum qilamizki, muassasada sentyabr oyidan beri rasmiy faoliyat olib borayotgan tarbiyachi M.M. bolalar bilan olib borayotgan mashg‘ulot jarayonida ularga nisbatan juda qo‘pol munosabatda bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Aniqlanishicha, holatni tashkilot rahbari mashg‘ulotlar jarayoni tugagach, xonada o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarida ko‘rgan va videoni xodimlar guruhiga tashlab, muhokama qilgan.
Tashkilot rahbari 3 aprel kuni tarbiyachi M.M. bilan tuzgan shartnomani bekor qilib, uni ishdan chetlatgan.
Ishchi guruh mas’ullari muassasada tarbiyalanayotgan bolalar holatini ham o‘rgangan.
“Bolalarga shikast yetmagani aniqlandi. Tashkilot xodimlariga tushuntirish ishlari olib borildi”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda holat bo‘yicha shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.