G‘arbning yadro energetikasi bo‘yicha ulkan rejalari: geosiyosat buni qo‘llab-quvvatlaydimi?

Sun’iy intellekt energiyaga bo‘lgan talabni oshirayotgan bir paytda, mutaxassislar "yadro energetikasining qayta tiklanishi" davri boshlangani haqida gapirishmoqda. Va’dalar berilgan — ammo ta’minot zanjirlari buni qo‘llab-quvvatlay oladimi?
Amazon, Google va Meta kabi yirik kompaniyalar yadro energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish tarafdori bo‘lishmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida bu texnologiya gigantlari 2050 yilga borib global yadro quvvatini uch barobarga oshirishni qo‘llab-quvvatlash haqidagi deklarasiyani imzoladilar. Bu deklarasiya o‘tgan yil sentyabrda yirik banklar, shuningdek COP28 da siyosatchilar tomonidan e’lon qilingan shunga o‘xshash bayonotdan keyin qabul qilindi.
Hozirga kelib, 2050 yilgacha yadro energetikasi quvvatini uch barobarga oshirish majburiyatini jami 31 ta mamlakat va 140 ta yadro sanoati kompaniyasi imzolagan. Jahon yadro assosiasiyasi (WNA) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyodagi elektr energiyasining taxminan 9 foizi 440 ta energiya reaktori yordamida ishlab chiqariladigan yadro energiyasidan olinmoqda.
Uran spot narxi so‘nggi besh yil davomida ko‘tarildi. Bu o‘sish geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi va kelajakda talabning ortishi prognozlari bilan bog‘liq. Bunga sabab bo‘lgan omillardan biri Rossiyaning Ukrainaga bosqini va uning oqibatida Moskvaga qarshi qo‘llanilgan sanksiyalardir.
Rossiya tabiiy uranning asosiy global yetkazib beruvchisi bo‘lsa-da, narxlarga ta’sir ko‘proq mamlakatning uranni boyitish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Ko‘pchilik reaktorlarda xomashyoni yoqilg‘i sifatida ishlatishdan oldin uni maydalash, qayta ishlash va boyitish zarur bo‘ladi.
AQSh hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi uranni boyitish quvvatlarining taxminan 44 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi. AQShning boyitilgan uranga bo‘lgan talabi bo‘yicha 2023 yilda Rossiya ushbu umumiy miqdorning (SWU) 27 foizini tashkil etdi.
Evroatom ma’lumotlariga murojaat qilsak, Rossiya o‘sha yili Yevropa Ittifoqi kommunal xizmatlarini yetkazib berish uchun umumiy boyitish ishlarining 37,9 foizini ta’minlagan.