"Eng yosh kitobxon" tanlovidagi noxolislik: nega aynan toshkentlik qizga 100 ball berildi?

"Eng yosh kitobxon" tanlovidagi noxolislik: nega aynan toshkentlik qizga 100 ball berildi?

Ziyo, ma’rifatga intilish o‘zlikni anglash sari qo‘yilgan qadamdir. Bu munavvarlik mamlakat ertasi, xalqning taqdirida o‘zini namoyon etayotganidan quvonasan kishi.

Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi farmoyishidan so‘ng ko‘plab tadbirlar, tanlovlar tashkil etilmoqdaki, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri, shubhasiz, Eng yosh kitobxon ko‘rik-tanlovidir. Tanlov tafsilotlari Yoshlar telekanali orqali namoyish etildi. Unda hakamlarning o‘zaro fikr almashishi, ishtirokchilarning kutish xonasidagi hayajonlari efirga uzatilishi, boshlovchi qizning kitobxonlarga dalda beruvchi so‘zlari adolat ta’minlanishiga xizmat qildi, deb o‘ylayman.

Eng kuchli kitobxonni aniqlash tomoshabin uchun ham oson kechgani yo‘q. Kimdir bilimi bo‘laturib fikrini ifodalab berolmasa, kimdir so‘zga ustaligi, notiqlik mahorati ustunligi bilan g‘alaba qozondi. Biri juda ko‘p kitob o‘qiganu o‘qiganlarini uqa olmagan bo‘lsa, boshqasi vaqtdan unumli foydalana olmadi. Ayrim ishtirokchilar o‘qiganlaridan xulosa chiqara oldi, fikrini chiroyli taqdim qildi.

Yoshlar kitobxonlik borasida g‘oliblik uchun bahslashganidan quvondim. Chunki, tanlov bahona millionlab yoshlar qo‘liga kitob oldi, xonadonlarga kitob kirib bordi, kitobxonlar bahonasida o‘qituvchilar, ota-onalar, hatto bobo-buvilar ham izlangani juda-juda ulug‘ ish bo‘ldi.

Shu o‘rinda tanlov xususida ayrim mulohazalarimni bildirishni lozim topdim. Zero, oddiy tomoshabinning fikrlarini inobatga olish kelgusida tanlov nufuzini yanada oshiradi, deb o‘ylayman.

20-30 yoshlilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tanlovda Zavqiy to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etgan kitobxon shoir haqida maktab adabiyot darsligida o‘qiganlarini bayon qildi. Hakamlar hay’ati raisi, taniqli adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev bu ma’lumotlarning noto‘g‘ri ekani, bu faktlar Furqat bilan adashtirib yuborilganini aytdi. Shunda kitobxon bu ma’lumotlar ishonchli manba adabiyot kitobidan olinganini bayon etsa ham uning fikri inobatga olinmadi. Men qiziqib, adabiyot darsligida haqiqatdan ham Zavqiyning qo‘lyozmalari Xitoyda yashayotgan avlodlari qo‘lida ekani haqidagi ma’lumotlarga duch keldim. Hakamning Siz ensiklopediyani o‘qishingiz kerak edi deyishi, adabiyot darsligidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanini aytishi to‘g‘rimi? Axir maktab darsliklari eng ishonchli manba emasmi? Bundan chiqdi farzandlarimizga adabiyot darsliklarida noto‘g‘ri ma’lumotlar yetkazilayotgan ekan-da?!

To‘g‘ri, Furqatning avlodlari ham Xitoyda yashayotgan bo‘lishi mumkin, lekin Zavqiy haqidagi ma’lumotlar ham noto‘g‘ri emasdi. Aynan xuddi shu kitobxon boshlovchi qizga keyingi yil bu tanlovda ishtirok etmasligini aytgani ham bejiz emas. Bundan tashqari, kitobxonlarni hakamlar hay’ati raisining salobati shu qadar bosdiki, meni kechirasizlar-u, har bir fikrga jiddiy qiyofada boshini qimirlatib turish ularni esankiratib qo‘ydi. Axir, chekka bir qishloqda yashab, poytaxtga katta orzular bilan kelgan, hali katta davralarni ko‘rmagan kitobxonni jiddiy qiyofadagi adabiyotshunos olim, mashhur yozuvchi, tarjimonning salobati bosmaydi, deb o‘ylaysizmi? Kitobxonlarning so‘zdan adashgani, fikrini jamlay olmagani, hatto yig‘lab yuborgani ham hakamlarning nomutanosib munosabati tufayli bo‘ldi fikrimcha. Ochig‘ini aytganda, hakamlar hay’atida ozgina samimiylik yetishmadi.

Keyin poytaxt vakilasiga eng oxirgi shartda 100 ball qo‘yilishi ham adolatdan, deb bo‘lmaydi. Nima uchun bunday saxovat aynan poytaxtlik qizga ko‘rsatildi? Vaholanki, uning taqdim etgan ma’lumotlari taxminiy edi. She’r Usmon Azimdan bo‘lsa kerak , dedi. Va berilgan vaqtdan bir daqiqa ortib qoldi, she’riy misrani 100 ballga loyiq sharhlab bera olmadi-ku Ikkinchi o‘rinni olgan kitobxonning bilimi, so‘zamolligi, she’rni sharhlashi birinchi o‘rinni olgan kitobxondan ancha durust edi.

Men 74 yoshdaman. Oliy toifali matematika o‘qituvchisi mehnat faxriysiman. Tanlovda qatnashgan bironta kitobxonni yaqindan tanimayman, kimnidir himoya qilish fikridan ham yiroqman. Faqat juda kitobsevar bo‘lganman. Hozir ham bu ishtiyoq so‘ngani yo‘q.

Faqat keyingi tanlovlarda tashkilotchilar, hakamlar eng yosh kitobxonni aniqlashda ana shu jihatlarni e’tiborga olishi kerak, deb o‘ylayman.

Latifjon Hakimov,

mehnat faxriysi.​

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!