EI Rossiya uchun alohida sanksiyalar rejimini tayyorlamoqda

EI Rossiya uchun alohida sanksiyalar rejimini tayyorlamoqda

Evropa Ittifoqi davlatlari Rossiya Federasiyasiga qarshi yangi alohida sanksiyalar tartibini muhokama qilmoqda. Borrel bu rejim tezda tasdiqlanishiga umid qilmoqda. Ular «repressiv davlat apparati» va fuqarolik jamiyati vakillariga qarshi qaror qabul qilganlarga sanksiyalar joriy etmoqchi.

Evropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan alohida sanksiyalar rejimini muhokama qilmoqda. Buni DW nashriga 11 aprel, payshanba kuni Yevropa Ittifoqidagi bir qator manbalar tasdiqladi. Tahririyatda mavjud bo‘lgan hujjatga ko‘ra, ushbu rejimni yaratish tashabbuskorlari Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Polsha, Chexiya, Ruminiya, Finlandiya va Shvesiya bo‘lgan. Ularning fikricha, Belarus, Eron, Venesuela va KXDR kabi muayyan davlatlarning hukmron rejimlariga qarshi boshqa sanksiya rejimlariga o‘xshab, Rossiya Federasiyasiga qarshi sanksiyalar rejimini joriy etish uchun jiddiy sabablar mavjud.

Rossiya Federasiyasiga qarshi alohida sanksiyalar rejimi mamlakat ichidagi vaziyatni yomonlashtirish uchun aybdorlarni jazolashda qonuniy asos yaratishga qaratilgan. «[Sanksiyalar] ro‘yxatiga kiritish mezonlari inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi, siyosiylashgan sud tizimi va fuqarolik jamiyatiga nisbatan repressiya, jumladan, demokratiya va qonun ustuvorligiga putur yetkazuvchi harakatlarni qamrab olishi kerak», deyiladi hujjatda. Tashabbuskor davlatlarning tashqi ishlar vazirliklari ushbu sanksiya rejimi bo‘yicha ro‘yxatlar tuzishda takliflar kiritishga tayyor.

Masalan, «Rossiyaning repressiv davlat apparati» vakillariga, shu jumladan fuqarolik jamiyati va demokratik muxolifat vakillariga nisbatan siyosiy sabablarga ko‘ra sud qarorlarini qabul etishda ishtirok etgan va keyinchalik ularni qo‘lga olishda qatnashgan shaxslarga nisbatan cheklovchi choralarni joriy etish taklif qilinmoqda. Ular sud tizimi (prokurorlar, sudlar, jazoni ijro etish muassasalari) vakillari». Taklif 28 fevral kuni Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmatiga taqdim etilgan.

10 aprel kuni Yevroparlamentda so‘zga chiqqan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel YEI davlatlari «Rossiyaga qarshi yangi alohida sanksiyalar tartibi»ni muhokama qilayotganini aytdi va bu rejim tezda tasdiqlanishiga umid bildirdi. Qaror 6-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamenti saylovlari oldidan qabul qilinishi kutilmoqda.

Evropa Ittifoqining Rossiya Federasiyasiga qarshi hozirgacha 13 ta sanksiyalar paketi kiritilgan, biroq ularning barchasi Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzish, unga qarshi harbiy tajovuzni ta’qib etishga qaratilgan. Bundan tashqari, rossiyaliklar inson huquqlarini buzuvchilar global ro‘yxatida ham bor. Ushbu sanksiyalar rejimiga yaqinda Aleksey Navalniy nomi berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!