Buxoroda erkak 15 nafar fuqaroni chuv tushirdi

Buxoroda erkak 15 nafar fuqaroni chuv tushirdi

Qorako‘llik Farrux Yoqubov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) endigina yigirma olti yoshga to‘lgan. Oilali, ikki na­­­­far farzandning otasi bo‘l­gan bu kimsa odamlarning chorva mollarini sotib berish bahonasida bir nechta firibgarlik jinoyatlarini sodir etgan.

Xususan, o‘tgan yilning 3 may kuni u tanishi B. Tog‘ayevga tegishli 15 bosh g‘unajinni 85 million so‘mga narxlab, ularni na­siya­ga olib ketadi. Biroq bergan va’dasini bajarish o‘rniga B. Tog‘ayevga firib beradi.

Zaynab Xudoyqulova ham farzandlari bilan besh bosh qoramol boqayotgan edi. Bundan xabar topgan F. Yoqubov mollarni 53 million so‘mga sotib olishini, biroq pulini ikki oydan keyin berishini aytadi.

Ammo Z. Xudoyqulovaning ishonchini suiiste’mol qilgan firibgar mollarni sotib, pulini o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.

F. Yoqubovga chuv tushganlardan yana biri I. Muhiddinov 15 bosh g‘unajinni 115 million so‘mga narxlab, firibgarga nasiyaga berib yuborgan.

I. Muhiddinov F. Yoqubovning uyiga qatnay-qatnay 4 million­ 500 ming so‘m olishga muvaffaq bo‘ladi, xolos.

Afsuski, F. Yoqubovning firibgarlik jinoyati faqat shulardan iborat emas. U firibgarlik yo‘li bilan o‘n besh nafar fuqaroni «chuv» tushirgan.

Sud unga tegishli jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, F. Yoqubovning jinoyat sodir etganlikdagi aybini uning iqrorligi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari va jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar bilan to‘liq is­botlangan deb topdi.

Sud jabrlanuvchi B. Ahmedov, N. Ro‘ziqulov, G‘. Rahimov, X. Yunusov, O. Tongjariqov, J. No‘’monov, I. Xonkeldiyevga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchi tomonidan qoplanganini inobatga oldi. Sud hukmida M. Yoqubovdan T. Keldiyorov foydasiga 18 million 500 ming, SH. Nasriddinov foydasiga 9 million, S. Berdibekov foydasiga 77 million, B. Tog‘ayev foydasiga 85 million, Z. Xudoyqulova foydasiga 53 million, I. Muhiddinov foydasiga 110 million 500 ming, J. Turdiqulov foydasiga 26 million 300 ming, H. Qosimova foydasiga 10 million so‘m undirilishi lozimligi qayd etildi. Bundan tashqari jabrlanuvchilarga yetkazilgan boshqa moddiy va ma’naviy zararlarni undirish bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat qi­lish huquqiga egaligi ham tushuntirildi.

Sud F. Yoqubov sodir etgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, qilmishning sababi, yetkazilgan zararning xususiya­ti va miqdori, aybdorning shaxsini hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda sud F. Yoqubovga sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Jalol SADIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Qorako‘l tumani sudi raisi,

Abduhamid Xudoyberdiyev,

jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!