“Bolalarim kaptarxonada o‘qishini istamayman! Xalq ta’limi vazirligi, aql o‘rgatishni bas qiling"

“Bolalarim kaptarxonada o‘qishini istamayman! Xalq ta’limi vazirligi, aql o‘rgatishni bas qiling"

Ijtimoiy tarmoqda “Bolalarim kaptarxonada o‘qishini istamayman! Xalq ta’limi vazirligi aql o‘rgatishni bas qiling. Hamma sizlar ӯylaganchalik ahmoq emas. Har kim xohlagan joyida ta’lim olishga haqli” mazmunida post e’lon qilindi.
Mazkur postga 20 fevral kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayevning so‘zi sabab bo‘lgan.
2017 yilning 15 mart kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori bilan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan.
Mazkur hujjatning 39-bandiga ko‘ra maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.
Biz mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashimiz uchun o‘rnatilgan qonunchilik normalariga amal qilishimiz kerak.
Bolaning uzoq masofadan maktabga kelishida bir qancha qiyinchiliklar yuzaga keladi. Birinchidan, aksariyat boshlang‘ich sinflarda dars soat 8.00 da boshlanadi. Buning uchun ota-onalar farzandlarini soat 6.00 da uyg‘otishlari, nonushta qilib, kiyintirib, soat 7.00 da yo‘lga chiqishlari kerak. Ertalabki tirbandliklardan so‘ng o‘quvchilarning ko‘pchiligi maktabga muntazam kechikib keladi. Bola uyda to‘yib uxlamaganidan so‘ng, darslarda charchab qolishi, tez uyqusi kelishi kuzatiladi. Bu esa darslarni o‘zlashtirishga ta’sir qiladi.
Uzoq hududlardan qatnaydigan ota-onalar farzandlarini maktabdan olib ketishda ham qiynalishadi. Ya’ni dars tugaganidan so‘ng o‘z vaqtida olib ketolmaydi. Bola maktabda 3-4 soatlab qolib ketadi. Yana uyga kech borganidan so‘ng, charchab qolgan bolalar uyga vazifalarni tayyorlashda qiynalishadi.
Albatta, har bir ota-ona farzandini yaxshi maktabga berishni xohlaydi. Aksariyat holatlarda ota-onalar qo‘ni-qo‘shnisidan, maktab atrofida turadigan qarindosh-urug‘laridan eshitib, o‘sha maktablarga berishga intiladi. Aslida barcha maktabda davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, darsliklari bir xil, barcha joyda ta’lim bir xilda olib boriladi.
Xalqimiz orasida bir gap bor: “Eng yaxshi maktab bu — uyning oldidagi maktab”. Chunki bola maktabga mahalladagi o‘rtoqlari bilan birga borib-keladi, birga dars tayyorlaydi. Ota-onalar maktab bilan doimiy aloqada bo‘lishadi. O‘quvchi ta’lim-tarbiya jarayonida ham mahalla nazoratida bo‘ladi.
Ota-ona ham xavotirdan yiroq bo‘ladi. O‘zi ishda bo‘lib, xayoli farzandida bo‘ladigan ota-onalar har soatda qo‘ng‘iroq qilib, qachon dars tugashi, qachon uyga yetib kelishidan xavotir olib o‘tirmaydi.

Manba: t.me/xtv_press/507


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!