Boeing minglab xodimlarini majburiy ta’tilga yubormoqda

Boeing minglab xodimlarini majburiy ta’tilga yubormoqda

AQShdagi Boeing aviakorporasiyasi ishchilari maoshidan norozilik bildirib, ish tashlash boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. U.S. News’ning yozishicha, kompaniya Vashington va Oregon shtatlaridagi minglab xodimlarini majburiy ta’tilga yuborishni boshlagan.

Manbalarga ko‘ra, Boeing va uning eng yirik kasaba uyushmasi o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani bois, Xalqaro mashinasozlar va aerokosmik ishchilar assosiasiyasining namoyish o‘tkazayotgan ishchilariga joriy haftada so‘nggi maoshlari to‘lab berilgan.

Muzokara ishtirokchilari Boeing va kasaba uyushmalari yana kelishib olishiga biror belgi ko‘rinmagani bois har ikki tomon uzoq muddatli ish tashlashlarga tayyorgarlik ko‘rishning keyingi qadamlarini qo‘ygan.

Boeing bosh direktori Kelli Ortbergning ma’lum qilishicha, muzokaralar biror natija keltirmagan bo‘lsa-da, kompaniya avvalgidek «tezroq murosaga kelishni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi».

Ortbergning so‘zlariga ko‘ra, Boeing 777 va 767 samolyotlarining ishlab chiqarilishini to‘xtatib qo‘ygan ish tashlashlarga barham berish hozirda ustuvor vazifaga aylangan. Joriy hafta Ortberg o‘z xodimlariga kompaniya AQShdagi ish tashlashda ishtirok etmayotgan ayrim xodimlarini vaqtinchalik majburiy ta’tilga yuborishini bildirgan.

Xodimlarning ommaviy ta’tilga chiqarib yuborilishi kompaniya uzoq muddatli ish tashlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat beradi. Chunki ish haqini 40 foizga oshirishni va ish unumdorligi uchun to‘lanadigan mukofot pullarini qayta tiklashni talab qilayotgan ishchilar bilan murosaga kelish oson bo‘lmaydi.

Bu Boeing ishchilarining 2008 yildan buyon birinchi ish tashlashidir. Davomiyligiga qarab, u Boeing kompaniyasining qariyb 10 ming ta’minotchisi uchun ham muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Kompaniyaning o‘zi esa 3,5 milliard dollargacha zarar ko‘rishi ehtimoli bor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!