O‘zbekistonning tashqi qarzi 60 mlrd dollardan oshdi
O‘zbekistonning davlat va xususiy qarzni o‘z ichiga oluvchi tashqi qarzi 9 oy yakunlariga ko‘ra 60,2 mlrd dollarga yetdi. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 7,2 mlrd dollarga ko‘paydi.
O‘zbekistonning tashqi qarzi 30 sentyabr holatiga ko‘ra, 60,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu Markaziy bankning to‘qqiz oylik yakunlari bo‘yicha to‘lov balansi, xalqaro investisiaviy mavqe va mamlakat tashqi qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Tashqi qarz davlat qarzi va xususiy qarzlardan iborat hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, «xususiy» sektorda qayd etilganlar orasida asosan davlat ulushdor bo‘lgan kompaniyalar va banklar bor (davlat bank sektorining 68 foizga yaqin ulushiga egalik qiladi, shuningdek, 2019−2021 yillarda jami mlrdlab dollarlik qarz qog‘ozlarini muomalaga chiqargan UzAuto Motors va «O‘zbekneftgaz», O‘zbekiston Milliy banki, «O‘zsanoatqurilishbank» kabi tashkilotlar egasi yoki ulushdorlaridan biri hisoblanadi).
Davlat tashqi qarzi qariyb 32,5 mlrd dollarni, korporativ (xususiy) tashqi qarz 27,7 mlrd dollarni tashkil etdi.
Yil boshidan buyon tashqi qarz umumiy hisobda 7,2 mlrd dollarga oshdi. 2023 yil yakuni bo‘yicha ko‘rsatkich 53 mlrd dollarni, jumladan, davlat qarzi 29,7 mlrd dollarni, xususiy qarz esa 23,3 mlrd dollarni tashkil etgan.
Oxirgi ikki yilda xususiy tashqi qarz umumiy tashqi qarz o‘sishining tezlashishiga sabab bo‘layotgan asosiy komponentga aylandi.
Umumiy tashqi qarzning tuzilishi va dinamikasi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar oxirgi marta 2,5 yil avval Markaziy bankning 2022 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha hisobotida e’lon qilingan edi.
«Gazeta.uz» avvalroq 2025 yilda O‘zbekiston davlat qarzi 39,7 mlrd dollardan 45 mlrd dollargacha o‘sishi (+13,3 foiz), unga xizmat ko‘rsatish xarajatlari esa 48,1 trln so‘m yoki 3,5 mlrd dollargacha (+42,8 foiz) o‘sishi prognoz qilinayotgani haqida yozgandi.
S&P reyting agentligi noyabr oyi oxiridagi hisobotida ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston energetika sohasiga investisiyalar, tog‘-kon sanoati quvvatini kengaytirish bo‘yicha loyihalar va boshqa infratuzilma loyihalari, shuningdek, ijtimoiy xarajatlarni ko‘paytirdi. Bu 2020−2023 yillarda sof davlat qarzi (shu jumladan davlat tomonidan kafolatlangan qarz) o‘sish sur’atining tezlashishiga (yalpi ichki mahsulotga nisbatan yiliga o‘rtacha 6,3 foiz) hamda davlat qarzi va umumiy tashqi qarz hajmining tez sur’atlarda o‘sishiga olib keldi.
Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, jami davlat qarzi (davlat tomonidan kafolatlangan qarzlarni o‘z ichiga oladi) 2023 yildagi YAIMga nisbatan 34 foizdan 2027 yilda YAIMga nisbatan 43 foizgacha oshadi. 2023 yil aprel oyida qabul qilingan «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonunda qarzning doimiy chegarasi YAIMning 60 foizini tashkil etishi va ko‘rsatkich 50 foizdan oshganda tuzatuvchi choralar ko‘rilishi belgilangan.
«Biz 2024 yilda yalpi ichki mahsulotning 4,6 foizini tashkil etgan, davlat bilan aloqador tashkilotlarning (DAT) kafolatlanmagan qarzlari hukumat balansiga o‘tishi ehtimoli bilan bog‘liq ba’zi xavflarni qayd etyapmiz. So‘nggi yillarda DATlar asosan energetika va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun, ayniqsa, xorijiy valyutada qarz olishni sezilarli darajada oshirdi», — deyiladi hisobotda.