Halokatga uchragan Ozarbayjon samolyoti haqida batafsil ma’lumot berildi
Boku – Grozniy yo‘nalishida uchgan, Oqtou aeroportiga yaqinlashayotganda halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llariga qarashli Embraer-190 samolyotining ikkinchi qora qutisi topildi. Bu haqda jurnalistlarga Qozog‘iston transport vaziri Marat Karabayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda xizmatlar tezkorlik bilan ishlagan va favqulodda qo‘nishni so‘ragan kemani qabul qilishga tayyor turgan.
Vazir inqirozli vaziyat xronologiyasini tuzib chiqdi. Ilk signal soat 10:43 da Rostov zonasi dispetcheridan Oqto‘be viloyati dispetcherlik markaziga 8243-reysni amalga oshirayotgan samolyot Grozniydan muqobil aerodromga yo‘l olgani to‘g‘risida yuborilgan.
Qozog‘iston hududiga kirishdan avvalroq havo kemasining boshqaruv tizimi, lifti va aleroni ishlamay qolgan. Ekipaj barqaror muvozanatni va balandlikni saqlab tura olmagan. Rostov dispetcheri Maxachqal’a va Bokudagi ob-havo haqida ma’lumot bergandan keyin ekipaj Oqtouga uchish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Vazir aytishicha, uchuvchilar Oqtoudagi dispetcherlar bilan bog‘langan. Shundan so‘ng yaqinlashishni vizual nazorat qilish uchun uchish-qo‘nish yo‘lagi chiroqlari yoqilgan, aeroport xizmati esa to‘liq shay holatga keltirilgan.
Soat 10.53 da Rostov reysi direktori Oqtou minorasidagi reys direktoriga samolyot salonidagi kislorod baki portlagani, yo‘lovchilar hushini yo‘qotayotgani xususida qo‘shimcha ma’lumot berdi va yetib kelgandan so‘ng reanimasiya qilishni so‘radi.
“Kazaeronavigasiya” kompaniyasi parvoz direktori zudlik bilan Oqtou aeroportiga avariya samolyoti kelganidan barcha xizmatlar – o‘t o‘chirish brigadasi va tibbiyot xodimlarini xabardor qilgan. Uchoq Qozog‘iston havo kengligiga kirgunga qadar aeroportning barcha favqulodda xizmatlari samolyotni qabul qilishga tayyor edi.
– Ekipaj ikki marta qo‘nishga urindi, ammo samolyot balandligi betartib o‘zgara boshladi va 11:28 da yo‘nalishdan ancha og‘di, – deydi vazir. – Ekipaj bilan aloqa uzildi va havo kemasi yerga urildi.
– Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksiga ko‘ra, Rossiya va Ozarbayjon huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy tergovda ishtirok eta olmaydi, – dedi Mang‘istou viloyati transport prokurori Abilaybek Ordabayev. – Ularga samolyot halokatini tergov qilishgagina ruxsat beriladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, qidiruv chog‘ida topilgan ikkita registrator Havo hodisalarini tekshirish bo‘limiga topshiriladi. Faqat bu qurilmalar keyinroq ko‘rib chiqiladi.
Samolyotni ishlab chiqargan kompaniya vakillari bugun Oqtouga kelishi kutilyapti. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Kanat Bozumbayev ma’lum qildi.