«Barselona» Messisiz gol ura olishiga ishonyaptimi?

«Barselona» Messisiz gol ura olishiga ishonyaptimi?

Ispaniya nashrlari «Barselona» hujumchisi Lionel Messining jarohat olgani yuzasidan jamoa vakillarining fikrlarini chop etmoqda.

Xususan, bosh murabbiy Ernesto Valverdening «Sevilya»ga qarshi bahsdan (4:2) so‘ng yetakchi shogirdi safdan chiqqaniga nisbatan bildirgan munosabatini Football Espana ma’lum qilgan.

«Messining jarohati bizni biroz izdan chiqardi, ammo resurslarimiz yetarli va biz buni yengib o‘tishimiz kerak. U iloji boricha tezroq sog‘ayishiga umid qilamiz. Uning o‘rni albatta bilinadi», - deya ta’kidlagan Valverde.

«Bu biz uchun muhim o‘yin edi, g‘alaba natijasida birinchi o‘ringa chiqib oldik. Aksariyat vaqt davomida o‘yinni biz nazorat qildik, shunday bo‘lsa-da hatto hisob 3:0 bo‘lib turganda ham «Sevilya» bizga bosim o‘tkazishda davom etdi.

Messining jarohati? Bilamiz, u safimizda bo‘lganida bizga ko‘proq ishonch bag‘ishlab turadi, axir u jahondagi eng yaxshi futbolchi. Lekin uning yo‘qligi bizga u qadar katta ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Jamoa u bilan ham, usiz ham oldinga qarab intilishi lozim», - deb aytgan Pikedan iqtibos keltirdi Mundo Deportivo.

«Leoning yo‘qligini iloji boricha bildirmaslikka harakat qilamiz. «Sevilya» bilan o‘yinlar men uchun doimo boshqacha o‘tadi», - degan Andalusiya klubining sobiq a’zosi Ivan Rakitich Marca muxbiri bilan suhbatda.

«Biz Leosiz ham gol ura olamiz. Buni «Sevilya»ga qarshi o‘yinda ham ko‘rsatdik. Men uchun bu o‘yin o‘ziga xos tarzda kechdi, boisi sobiq jamoamga qarshi to‘p surdim», - deya fikr bildirgan Kleman Langlening so‘zlarini chop etdi «Barsa» rasmiy sayti.

Eslatib o‘tamiz, Messi o‘ng qo‘li tirsagidan olgan jarohati sabab 3 hafta maydonga tusha olmaydi. Shu bois u Primeraning navbatdagi turi doirasida 28 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan «Real»ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!