Ashxobodda Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi

Ashxobodda Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi

Alisher Navoiy nomi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Davlat akademik katta teatri, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Adabiyot muzeyi, yetakchi sanoat markazi – Navoiy shahri, metro stansiyasiga berilgan.

Shoir xotirasi, ma’naviy merosining ahamiyati nafaqat O‘zbekistonda, balki yaqin va uzoq xorij mamlakatlarida ham e’zozlanadi va e’tirof etiladi. Alisher Navoiyning turli yillarda barpo etilgan haykallari buning isbotidir.

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgan tadbir doirasida buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilishi ham tashkil etildi.

Yodgorlikning ochilish marosimida mehmonlar ulug‘ shoirning o‘zbek xalqi ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lgan va keyingi davrlar lirikasiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan betakror ijodiy merosini alohida ta’kidladi.

Ijodiy jamoalar tomonidan Alisher Navoiy asarlari o‘zbek va turkman tillarida ijro etildi. Turkmaniston hukumati a’zolari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari yodgorliklar poyiga gul qo‘ydi.

Qayd etish joiz, bog‘ning markaziy qismi – Maxtumquli Firog‘iy yodgorligidir. Yodgorlik jahonga mashhur yozuvchilarning 24 haykalini birlashtirgan yangi madaniyat va istirohat bog‘i majmuasining markaziy qismiga aylandi.

Maxtumquli yodgorligi atrofida jahon adiblari va atoqli shaxslarining haykallari o‘rnatildi. Jumladan, majmuada Onore de Balzak, Iogan Volfgang Gyote, Rabindranat Tagor, Uilyam Shekspir, Fyodor Dostoyevskiy, Dante Aligeri, Sayat-Nova va boshqa ko‘plab dunyo adabiyotining yorqin vakillari mahobatli haykallari qad ko‘targan. Bobomiz Navoiyning haykali ham endi atoqli shaxslar qatoridan joy oldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!