Andijonlik ayol o‘g‘lini qamoqdan chiqaraman deb 5000 dollaridan ayrildi

Andijonlik ayol o‘g‘lini qamoqdan chiqaraman deb 5000 dollaridan ayrildi

Andijonlik Jasur Ismoilov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tumani sudining 2020 yil 7 sentyabdagi hukmiga binoan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan aydor deb topilib, ozodlikdan mahrum qilingan. So‘ngra Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamentining Zangiota tumanida joylashgan 1-sonli tergov hibsxonasiga olib kelingan.

Mahkumning onasi Hanifa Nazirova 2020 yil 12 dekabr kuni kelini, qizi va 3 nafar o‘g‘li bilan birga Jasurni ko‘­rish uchun qisqa muddatli uchrashuvga keladi.

Uchrashuv tugagach, ular uyga qayt­moqchi bo‘lib turganlarida bashang kiyingan bir yigit H.Nazirovaga murojaat qilib, ismi Shuhrat, familiya­si Davronov, advokat ekanini aytadi va qanday yor­dam kerakligini so‘­raydi.

Kutilmagan taklifni omad deb o‘ylagan ona o‘g‘liga tegishli sud hukmini uning qo‘­liga tutqazadi. Aslida talonchilik, o‘g‘irlik va olti marotaba firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun sudlangan bu kimsa Qibray tumanida istiqomat qi­luvchi Ilhom Davronov edi. «Advokat» niqobidagi firibgar sud hukmini o‘qib chiqqach, maqsadga o‘tadi:

— Hozir ham bu yerga bir mijozimni himoya qilish uchun kelgandim. Yana ikki soatlarda uni ozodlikka chiqarishadi. Sizni kuzatib turib, ahvolingizga achindim. Rozi bo‘l­sangiz, o‘g‘lingizni qa­moqdan chiqarishga yordam beraman…

Sodda ayol uning gaplariga laqqa ishonadi. I.Davronov 7 000 AQSh dollari evaziga muammoni hal qilishini aytadi.

— Xohlasangiz, sizga shu yerning o‘zida order yozib beraman. Keyin ish boshlayman, — deydi u yana og‘iz ko‘­pir­tirib.

Shundan so‘ng H.Nazirova o‘g‘illari va qizi bilan maslahatlashib, I.Davronovning qo‘liga 700 AQSh dollarini tut­­qa­zadi. Biroq u o‘zini yanada balandparvoz tutadi.

— Bu pulingiz kam. Men anchagina qimmat advokatman.

— Unday bo‘lsa, sizga pulni ikki-uchga bo‘lib beraman, maylimi?, — deb so‘raydi ayol.

— Mayli. Faqat cho‘zib yubormaysiz.

— Menga ishonavering. Aytgan vaqtimda beraman.

Hanifa Nazirova I. Davronovga yashash manzilini berib, pulning qolganini topishga va’da beradi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay «advokat» uning uyi­ga qora rangli «Malibu» avtomashinasida boradi. Bu «mijoz»ni ishontirishning yana bir firibgarona usuli edi.

— Kechagi pulingiz kamlik qiladi, men ishlarni boshlab yubordim. Agar qolganini bermasangiz, ishni to‘x­tataman, — deya shart qo‘ya­di u.

Bu gapni eshitib, xonadon sohibasi shoshib qoladi.

— Yo‘q, ishni davom ettiravering, men bugunoq pul topib beraman.

Shundan so‘ng Hanifa Nazirova qizi Hafizadan 1 800 AQSh dollarini qarzga olib, firibgarga berib yuboradi. O‘tgan yilning 5 yanvar ku­ni soxta advokat H.Nazirovaga qo‘n­g‘iroq qilib, sud majlisi 13 yanvarga tayinlangani va pulning qolganini ham tayyorlab qo‘yishni aytadi. Lekin H.Nazirova o‘sha kungacha pul topib berolmaydi. Shu sababli I.Davronov yana telefon qilib, pulni yetkazish zarurligini va sud majlisi 18 yan­var kuniga qoldirilganini bildiradi. Hanifa Nazirova 14 yanvar kuni Andijon viloyatidan Toshkent shahriga qatnaydigan kirakash haydovchilar orqali yana 2 500 AQSh dollarini I.Davronovga berib yuboradi.

18 yanvar kuni sud boshlanishiga ishongan H.Nazirova farzandlari bilan bir kun oldin Toshkent shahriga yetib keladi. U I.Davronovga qo‘ng‘iroq qi­lib, qayerda uchrashish mumkinligini so‘raganda, u avtohalokatga uchragani uchun uchrasholmasligini aytadi.

Ertasi kuni sud majlisi bo‘l­­magani va «advokat» te­lefonini o‘chirib qo‘ygani mahkumning yaqinlarini juda ajablantiradi. Shunga qaramay, ular Bo‘stonliq tumanining «Tovoqsoy» qo‘rg‘onida joylashgan jazoni ij­ro etish koloniyasiga borib, Jasur bilan uchrashishadi. So‘ngra «advokat»ning pasport nusxasida qayd etilgan manzil bo‘­yicha uni izlab borishadi.

Lekin u manzildagi uy sotilgan bo‘­lib chiqadi. Shunda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ularni Ilhom Davronovning xolasining uyiga boshlab boradi. O‘z navbatida, xolasi I.Davronovning akasi Begali Davronovning manzilini beradi. Begali ukasining qayerda ekanini bilmasligini aytadi. Toqati-toq bo‘l­gan ayol aldanganini ang­lab yetgach, huquq­ni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat qiladi. Shundan so‘ng I. Davronovga nisbatan ji­noyat­ ishi qo‘z­g‘atiladi.

Albatta, har qanday ji­noyat­ga jazo muqarrar. Ji­noyat­ ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi sudlanuvchini jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkoni yo‘q, degan xulosaga keldi va uni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topib, ozodlikdan mah­rum qi­lish jazosi tayinladi. Sud jinoyat ishlari bo‘­yicha Bo‘s­tonliq va Chilonzor tumani sudlarining tayinlangan jazolarini ham inobatga oldi. Qolaversa, sud hukmida aybdordan jabrlanuvchga yetkazilgan 5 000 AQSh dollari miqdoridagi zararni undirish ham belgilandi.

Bayon etilgani kabi firibgarlik jinoyatlari odamlarning soddaligi va huquqiy bilimining yetishmasligi oqi­batida sodir etiladi. Shu bois jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamisha dolzarb vazifa bo‘lib qolaveradi.

O‘ktam XOLIQOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi raisi,

Saidahror UMAROV,
Toshkent viloyati sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!