Andijonda erkak xotinini olib ketmoqchi bo‘lgan qaynopasini o‘ldirib qo‘ydi

Andijonda erkak xotinini olib ketmoqchi bo‘lgan qaynopasini o‘ldirib qo‘ydi

Andijonda xotinini olib ketaman deb janjallashgan qaynopasini pichoqlab o‘ldirgan yigitga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Daryo» Andijon viloyati sudi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi raisi Rustamjon Turginovning ma’lum qilishicha, S.B. 2021 yil 3 sentyabr kuni soat 07:30 da qaynonasi X.M. va qaynopasi G.M. yashash xonadoniga kelishganida onasi ularni kutib olib, mehmonxonaga olib kirgan. Suhbat davomida X.M. baqir-chaqir qilib, ular qizini siqayotganini, ajrashtirib yuborishini aytgan. Shunda S.B. ayollarning ishlariga aralashmasdan uyga kirib ketgan. Biroq qaynona va qaynopasi uni uydan chaqirib, haqoratlab, nafsoniyatiga tegadigan gaplar bilan onasini ko‘cha daydisi, deb atagan.

«Ularning baqir-chaqir qilishgani hamda kurakda turmaydigan gaplarni gapirganidan jahlim chiqib, karaxt holatga tushib qoldim. Menga qarab shang‘illayotgan qayonopamning oldiga borib sochidan tortib, darovozaxonaga sudrab chiqdim. Oshxona oldiga yetganimda stol ustida turgan xo‘jalik pichog‘ini oldim. Shunda G.M. ro‘para qo‘shnimiznikiga qochib kirib ketdi. Uning ortidan quvib, yetib olib pichoqni tanasiga tiqib oldim. U yiqilganida qo‘limdagi pichoqni tashlab, qochib chiqib ketdim.

Maqsadim o‘ldirish bo‘lmagan. Aksincha janjal bo‘lishining oldini olish uchun harakat qilsam-da, G.M. turmush o‘rtog‘im bilan ajrashtirib yubormoqchi bo‘lgani va sha’nimga tegadigan gaplar aytgani sababli jahlim chiqib, o‘zimni yo‘qotib qo‘yganimdan shu holat yuzaga keldi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Turmush o‘rtog‘imdan ham kechirim so‘rayman», — deydi sudlanuvchi sud majlisida.

Sud hukmiga ko‘ra, S.B. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan hamda unga nisbatan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchining qonuniy vakili X.M. foydasiga jami 22 million so‘mlik moddiy va ma’naviy zararlar undirilishi belgilangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!