32 yillik hamkorlik: O‘zbekiston va Janubiy Koreya bir-biridan nimalar kutmoqda?

32 yillik hamkorlik: O‘zbekiston va Janubiy Koreya bir-biridan nimalar kutmoqda?

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 13 iyun kuni rafiqasi bilan birga O‘zbekistonga keldi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Ertasi kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Janubiy Koreya prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Janubiy Koreya prezidenti nima maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurdi?

Janubiy Koreya O‘zbekistonning uzoq yillik hamkorlaridan biri. So‘nggi 7 yildagi munosabatlar ancha istiqbolli. Bu davrda ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi savdo ikki barobarga oshdi va bu ko‘rsatkich 7 milliard dollarni tashkil etmoqda. Hozir jahonda geosiyosiy manfaatlar to‘qnashgan bir vaqtda Janubiy Koreya uchun ham yangi bozorlar zarur. Chunki Markaziy Osiyoga tutash mintaqalarda savdo munosabatlari oldingi yillarga nisbatan ancha cheklangan.

Koreya matbuotida ushbu tashrif K1+5 deb nomlanmoqda. Ya’ni Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi. Yun Sok Yol o‘z rafiqasi bilan dastlab Qozog‘iston va Turkmanistonga tashrif buyurdi. Agar bu davlatlar bilan hamkorlik shartnomalariga qaraydigan bo‘lsak, asosiy rakurs iqtisodga qaratilgan.

– O‘zbekistonning Koreyada qanday manfaatlari mavjud?

14 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida 17 ta hujjatga imzo chekilgan. Bu hujjatlar orasida Koreya bozori uchun zarur bo‘lgan mutaxassislar va yarimo‘tkazgichlar uchun kerakli bo‘lgan mineral xom ashyolar zarur ekanligi ta’kidlandi. Geosiyosiy vaziyat tufayli Koreya uchun ayrim bozorlar yopildi. Ya’ni Rossiya ta’sirida bo‘lib turgan mamlakatlar bu resurslarni Koreyaga berishni istamayapti. Shu nuqtayi nazardan Koreya uchun kerak bo‘lgan mineral xom ashyo O‘zbekistonda mavjud. Shu bilan birgalikda, Markaziy Osiyo Koreya uchun o‘ziga xos bozor hisoblanadi. Bu yerda 80 million aholi mavjud. Ular Koreya texnologiyasini sotib olishga muhtoj. O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida imzolangan hujjatda ham aynan yarimo‘tkazgich mahsulotlarini yetkazib berish va O‘zbekistonda uni ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etish masalasi qo‘yilgan. Pandemiya davrida Xitoy Koreyadan keladigan yarimo‘tkazgich mahsulotlarni bizga yetkazib bera olmadi. Buning natijasida UzAvto avtomobillarni magnitofonsiz ishlab chiqarishni boshlagan edi. Endi Koreya bilan shartnoma imzolandi, yarimo‘tkazgich mahsulotlarni O‘zbekiston sotib oladi.

Imzolangan shartnomalarga nazar tashlasak, Koreya respublikasining O‘zbekistonga birinchilardan bo‘lib investisiya kiritgan banki — Eksimbank va Endo korporasiyalari bizning banklardan obligasiyalar olishga kelishildi. Eksimbank O‘zbekistonda ilk bor ochilgan avtomobil zavodi — UzDaewoo ochilishida katta moliyaviy mablag‘ bergan. Bugungi kunda O‘zbekiston bozorlarida eng katta yetakchi aynan Koreya kompaniyalari hisoblanadi. O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida 726 ta qo‘shma korxona mavjud.

Rossiya va Ukraina mojarosi tufayli possovet davlatlardagi ishchi kuchiga kapitalistik mamlakatlar o‘z bozorlarini ochmoqda. Bundan maqsad Rossiyaga bog‘liqlikni kamaytirish. Hozir Koreyada ishlash va o‘qish 4-5 yil oldingidan ko‘ra ancha osonlashdi. Hozir koreys va ingliz tilini biluvchi talabalarga grantlar oshirilmoqda. Mutaxassis tayyorlash borasida O‘zbekiston Koreya bilan hamkorlik qilsa bo‘ladi. Lekin Koreyada 2 yil ta’lim olgan talabalar u yerda qolib ketishi kerak emas. Ya’ni biz Koreya kompaniyalari uchun ishchi bilan ta’minlovchi davlatga aylanib qolishimiz kerak emas.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!