Yana bir shtat Trampga saylovda qatnashishni taqiqladi

Yana bir shtat Trampga saylovda qatnashishni taqiqladi

Illinoys okrug sudi kutilmaganda AQSh Konstitusiyasidagi isyonchi shaxslarning davlat lavozimlarini egallashini taqiqlovchi 14-tuzatish asosida sobiq prezident Donald Trampni shtatdagi Respublikachilar partiyasining praymerizi byulletenidan chetlatdi.

Qaror hali kuchga kirgani yo‘q va Trampning advokatlari shikoyat qilishlari mumkin. Illinoys shtatida praymeriz 19 mart kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Xuddi shunday qaror Men va Kolorado shtatlarida ham qabul qilingan.

Koloradodagi sudyalar, Trampning ko‘plab tanqidchilari singari, u 2020 yilgi saylov natijalarini noqonuniy yo‘llar bilan bekor qilishga uringan va o‘z tarafdorlarini 2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishga undagan, deb hisoblaydi. Tramp bu ayblovlarni rad etadi.

Sobiq prezidentning advokatlari ushbu qaror ustidan AQSh Oliy sudiga shikoyat bildirgan. Oliy sudda birinchi sud majlislari fevral oyi boshida bo‘lib o‘tgan.

Ekspertlar Oliy sud sobiq prezidentga moyilligi va uning foydasiga qaror chiqarishi mumkinligi haqida xulosa qilmoqda. Bu qachon sodir bo‘lishi hozircha noma’lum, ammo Oliy sud qarori barcha shtatlar uchun majburiy bo‘ladi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Illinoys shtatidagi da’vo bir guruh saylovchilar tomonidan "Free Speech for People" tashkiloti bilan birgalikda qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ular avvalroq Michigan, Minnesota va Oregon shtatlarida Trampni saylov byulletenidan olib tashlashga uringan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!