Yana bir kompaniya Rossiyani tark etyapti

Yana bir kompaniya Rossiyani tark etyapti

Dunyoning eng yirik qahvaxonalar tarmog‘i Rossiyadan ketyapti. Dunyodagi eng yirik qahvaxonalar tarmog‘i Starbucks Rossiya bozorini butunlay tark etishga qaror qildi. Bu haqda kompaniyaning press-relizida bayon etilgan.

Bayonotga ko‘ra, Starbucks endi Rossiya bozorida ishlamaydi va mamlakatdagi 130 ta maxsus do‘konini yopadi. Shu bilan birga, kompaniya rossiyalik xodimlarga olti oy davomida maosh to‘lashda davom etadi, shuningdek, ularni ish bilan ta’minlashda yordam beradi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Starbucks mart oyi boshida Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib, qahvaxonalarni yopishini e’lon qilgandi.

Starbucks 1971 yilda Siyetlda tashkil etilgan. Kompaniya tarmog‘iga butun dunyo bo‘ylab 32 000 dan ortiq qahvaxonalar kiradi. Rossiyada birinchi Starbucks qahvaxonasi 2007 yilda ochilgan.

Avvalroq McDonald's restoranlari tarmog‘i Rossiyani tark etishga qaror qilgan edi. Kompaniya Rossiya bozorida 32 yildan beri ishlardi.

Eslatib o‘tamiz, uch oy avval rus qo‘shinlari Ukraina hududiga bostirib kirgach, dunyoning juda ko‘plab taniqli kompaniyalari Rossiya bilan ishlashdan bosh tortmoqda. Dunyoning yetakchi davlatlari Rossiyaga nisbatan qattiq sanksiyalar e’lon qildi, ammo ruslar bosqinchilik harakatlarini to‘xtatmayapti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!