Xalqaro sud Isroilga G‘azoga gumanitar yordamning to‘siqsiz yetkazilishini ta’minlashni buyurdi

Xalqaro sud Isroilga G‘azoga gumanitar yordamning to‘siqsiz yetkazilishini ta’minlashni buyurdi

BMT Xalqaro sudi (ICJ) Isroilga G‘azoga gumanitar yordamning to‘siqsiz yetkazilishini ta’minlash va falastinliklarning huquqlarini buzmaslikni buyurdi, deya xabarqilmoqda Anadolu.

Xalqaro sud yozma bayonotida Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi ochgan genosid ishi doirasida yangi chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror qilganini bildirdi.

ICJ o‘z qarorida Isroil harbiylariga Genosid konvensiyasi bo‘yicha "himoyalangan guruh" bo‘lgan falastinliklarning huquqlarini poymol qilmaslik, jumladan, G‘azoga juda zarur bo‘lgan insonparvarlik yordamlarining yetkazilishiga to‘sqinlik qilmaslikni buyurdi.

G‘azoda ocharchilik

ISJ G‘azodagi vaziyat 2024 yil 26 yanvarda joriy etilgan taqiqdan so‘ng yomonlashdi, bu esa yangi choralar ko‘rishni talab qiladi, deb hisoblaydi.

Sud qarorida 2024 yil 26 yanvardan buyon “G‘azo sektoridagi falastinliklarning turmush sharoiti halokatli yomonlashgani, jumladan, ularning oziq-ovqat va boshqa asosiy ehtiyojlari uzoq vaqt va keng darajada qondirilmay kelinayotgani hamda ocharchilik xavf-xatar chegaralaridan chiqib ketgani qayd etildi.

Sud 26 yanvar kuni chiqarilgan buyruqning qonuniyligini tasdiqladi hamda “butun G‘azo sektori, jumladan, Rafahga nisbatan qo‘llaniladigan choralarni zudlik bilan va samarali amalga oshirishga” chaqirdi.

G‘azoga gumanitar yordam yetkazib berish

Sud “G‘azodagi falastinliklar turmush sharoitining yomonlashishi, xususan, ochlik va ocharchilikning tarqalishiga javoban” uchta yangi chora ko‘rishni buyurdi.

Unga ko‘ra, ICJ Isroilga “BMT bilan to‘liq hamkorlikda barcha manfaatdor shaxslar tomonidan zudlik bilan zarur bo‘lgan asosiy xizmatlar va insonparvarlik yordamlari, jumladan oziq-ovqat, suv, elektr energiyasi, yoqilg‘i, boshpana, kiyim-kechak, gigiyena ehtiyojlari, dori-darmonlar va tibbiy yordam to‘siqsiz taqdim etilishini ta’minlash uchun barcha zarur va samarali choralarni darhol ko‘rish, shuningdek, quruqlikdan o‘tish joylarining sig‘imi va sonini oshirish hamda ularni zarur bo‘lgan vaqt davomida ochiq saqlashni buyurdi”.

Shunisi e’tiborga loyiqki, sudning birinchi chorasi bir ovozdan qabul qilindi, jumladan, Isroil tomonidan tayinlangan vaqtinchalik sudya ham ma’qulladi.

Sud falastinliklarning huquqlarini buzmaslikni talab qildi

Sud ikkinchi chorada Isroil harbiylariga Genosid konvensiyasi bilan himoyalangan G‘azodagi falastinliklarning huquqlarini hech qanday tarzda poymol qilmaslik, jumladan G‘azoda zarur bo‘lgan insonparvarlik yordamlarining yetkazilishiga to‘sqinlik qilmaslik haqida buyruq berdi.

Uchinchi choraning bir qismi sifatida Sud Isroilga bir oy ichida qo‘shimcha choralarga javoban ko‘rgan choralari to‘g‘risida hisobot taqdim etishni buyurdi.

Ikkinchi qo‘shimcha choraga Uganda sudyasi Julia Sebutinde va isroillik sudya yordamchisi Aharon Barak qarshi chiqdi, faqat isroillik Barak oxirgi choraga qarshi ovoz berdi.

Sud, HAMASga ishora qilib, "qaror uchinchi tomonlar uchun majburiy bo‘lmaydi" degan sabab bilan Janubiy Afrika tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish bilan bog‘liq talab qilingan chora-tadbirlar haqida qaror chiqara olmasligini bildirdi.

Janubiy Afrika Xalqaro Suddan Isroilga qarshi yangi taqiqlar so‘radi

6 mart kuni Janubiy Afrika Xalqaro suddan g‘azoliklarning ochligi munosabati bilan yangi choralar ko‘rishni so‘radi.

Janubiy Afrika Xalqaro Suddan “G‘azodagi 2,3 million falastinlik, jumladan 1 milliondan ortiq bolalar xavfsizligini zudlik bilan ta’minlash uchun” qo‘shimcha choralar ko‘rishni so‘radi. Janubiy Afrika zudlik bilan suddan Isroilga qarshi 26 yanvarda qabul qilgan 6 ta chorasini o‘zgartirishni va/yoki zudlik bilan yangi choralar to‘g‘risida qaror qabul qilishni so‘radi.

26 yanvar kuni e’lon qilingan dastlabki qarorida Xalqaro sud Isroilga Genosid to‘g‘risidagi konvensiyaning 2-moddasida keltirilgan harakatlarga barham berish uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyatini yuklagan edi. Shuningdek, Isroilga G‘azodagi falastinliklarga qarshi genosid uyushtirishga chaqirgan barchaga nisbatan bartaraf etish, tiyib turish va jazolash choralarini ko‘rishni topshirdi.

Shuningdek, Isroilga G‘azoda falastinliklarga qarshi Genosid konvensiyasi talablari buzilgani haqidagi dalillarni yo‘q qilmaslik va saqlab qolish uchun samarali choralar ko‘rishni hamda bu choralar haqida sudga hisobot berishni buyurdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!