Vafot etgan kishining oila a’zolariga ular so‘ramasa ham dafn puli tayinlanadi

Vafot etgan kishining oila a’zolariga ular so‘ramasa ham dafn puli tayinlanadi

Shu hafta byurokratiyani qisqartirishni ko‘zlab qabul qilingan prezident farmonidagi bandlardan biri noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda yanglish ma’lumot tarqaldi.

Ushbu farmon yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Pensiya jamg‘armasi va Adliya vazirligi vakillari masalaga aniqlik kiritib o‘tishdi.

«Farmon tasdiqlanganidan so‘ng, internet tarmoqlarida bir martalik dafn nafaqasi tayinlash to‘xtatiladi, degan mazmundagi xabarlar tarqalib ketdi. Biz ushbu xabarga oydinlik kiritmoqchimiz. Dafn nafaqasi to‘xtatilgani yo‘q. Faqatgina fuqarolarga yengillik yaratildi.

Ilgari dafn nafaqasi olish uchun fuqarolar o‘lim haqidagi guvohnomani olgach, pensiya jamg‘armasiga murojaat qilar edilar. Jamg‘arma tomonidan bir ish kuni davomida dafn nafaqasi tayinlanib, «Xalq banki»ga to‘lov qaydnomalari jo‘natilardi.

Yangi farmon bilan ushbu tizimga o‘zgartirish kiritildi. Endilikda fuqarolarga o‘lim haqidagi guvohnoma olgandan so‘ng, shu kunning o‘zida «Xalq banki»ning istalgan filialiga borib, bir martalik dafn nafaqasini olish imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda har bitta FHDYo organida «Xalq banki»ning sayyor kassalari bor. Demak, fuqarolar guvohnoma olgach, o‘sha joyning o‘zida bir martalik dafn nafaqasini olishlari mumkin», – dedi Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Hojibekov.

Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Bunyod Azizov ham shu masalaga to‘xtaldi.

«Jurnalist va blogerlardan qonun normalarini to‘g‘ri talqin qilishlarini so‘rab qolamiz. Sababi ijtimoiy tarmoqlarda dafn puli berilmasligi bilan bog‘liq birgina noto‘g‘ri ma’lumot aholining keskin e’tirozi va noroziligiga olib keldi. Aslida farmonda bu narsa umuman nazarda tutilmagan.

O‘zi inson yaqinini yo‘qotganida qaysi dardda bo‘ladi-yu, uning o‘lim pulini olish uchun murojaat qilishga xohishi ham, imkoniyati ham bo‘lmasligi mumkin.

Yana bir narsani aytib o‘tishimiz kerak, ko‘p fuqarolarimiz o‘lim puli olish kerakligini bilmaydi ham. Farmonda aytilyaptiki, FHDYo organida elektron shaklda o‘lim qayd qilingandan so‘ng, Pensiya jamg‘armasi aholi va uning yaqinlari kelmasa ham bir ish kunida unga tegishli dafn puli rasmiylashtirilishini ta’minlaydi.

Aholi pulni o‘ziga qulay bo‘lgan bank shoxobchalari yoki «Xalq banki»ning filiallaridan bemalol olishi imkoniyati yaratilgan», – dedi vazirlik rasmiysi.

Ma’lumot uchun, vafot etgan shaxsni dafn etish uchun nafaqa berish, moddiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish kafolatlari «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan.

Dafn nafaqasini tayinlash va to‘lash tegishli nizom bilan tartibga solinadi.

Nizomga ko‘ra, dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxsga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori (hozirda 238 610 so‘m)ning 4 baravari miqdorida (954 440 so‘m) bir martalik nafaqa to‘lanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!