O‘zLiDeP yetakchisi Alisher Qodirovning «Fuqaroga meni saylamagansiz» nomli shov-shuvli bayonotiga munosabat bildirdi

O‘zLiDeP yetakchisi Alisher Qodirovning «Fuqaroga meni saylamagansiz» nomli shov-shuvli bayonotiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Aktam Hayitov ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning fikriga munosabat bildirdi.

Surxondaryo voqealari juda dolzarb tus oldi, avvalo bu yerda fuqarolarni ham ayblab bo‘lmaydi. Bizda tizimda kamchiliklar bor. Alisher Qodirovning deputat sifatida xalq oldida mas’ulligi bor. Biz qonunda yozilgan normani oyog‘osti qilishga haqimiz yo‘q.

Fuqaro sifatida har kimning o‘z shaxsiy fikri bor. Alisher Qodirov ham fuqaro sifatida o‘zini fikrini aytgan bo‘lishi mumkin. Deputat sifatida esa bunday fikr bildirish noto‘g‘ri.

Chunki unga bitta odam ovoz berganmi yoki ikkita ularni hurmat qilishi kerak.

Surxondaryoliklar Alisher Qodirovni saylamagan bo‘lsa ham, partiyasidan kimnidir saylagan bo‘lishi mumkin. Har bir saylovchi deputatdan har bir savoliga javob olishga haqli. Unga siz meni saylamagansiz deyish to‘g‘ri deb o‘ylamayman», — dedi O‘zLiDeP yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Oltinsoy tumanida 14 fevral kuni mahalliy aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvga munosabat bildirarkan, deputat Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oltinsoylik «bebosh fuqarolarni keskin jazolash» lozimligi haqida post qoldirgandi.

Deputatning bu fikrlari muhokamalarga sabab bo‘ldi, ushbu muhokamalar jarayonida foydalanuvchilarning fikrlariga javob qaytararkan, deputat bir o‘rinda: «Siz meni saylamagansiz, mendan hech narsa kutmang», degan mazmunda javob qaytardi (va keyinroq bu javobini o‘chirib tashladi).


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!