O‘zbekistonda har yili 1300 kishi o‘z joniga qasd qilarkan. Bu raqam ko‘pmi, ozmi?

O‘zbekistonda har yili 1300 kishi o‘z joniga qasd qilarkan. Bu raqam ko‘pmi, ozmi?

Kuni kecha Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Oiladagi zo‘ravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida jurnalistlar bilan uyushtirilgan muloqot chog‘i O‘zbekiston xotin-qizlari qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova ayrim xavotirli raqamlar bilan o‘rtoqlashdi.

U aytishicha, O‘zbekistonda har yili 700 dan ortiq erkak, 600 ga yaqin ayol o‘z joniga qasd qilarkan. Bu degani har yili 1300 (bir ming uch yuz!) kishi deganidir.

Bu raqam ko‘pmi, ozmi?

Albatta, ko‘p. Ayniqsa, bizning musulmon yurtimiz, musulmon aholimiz uchun bir yilda shuncha suiqasd juda ko‘p va xavotirlidir. Aslida-ku, hech qachon hech kim o‘z joniga qasd qilmasligi kerak. Chunki biz asosan musulmon xalqmiz. Dinimiz bizni bunday g‘ayriodatiy amaldan qattiq qaytargan. Hatto unday kishilarga janoza namozi o‘qilmasligi bilan tahdid qilgan. Ammo, ne qilaylik, bugungi ahvolimiz ayanchli. Bir ming uch yuz nafar-a?! Bu raqam tag‘in ro‘yxatga kirgani! Turli sabablar bilan ro‘yxatga olinmay qolgani qancha bo‘lsa?!

Xotin-qizlar sardori nutqida rivojlangan davlatlarda o‘z joniga qasd qilishlar ancha balandligini raqamlar bilan keltirgan: suiqasdlar soni har 100 ming kishiga Litvada 68,1 ta holat, Belarusda 63, Rossiyada 58, AQShda 52, Shri Lankada 44, Ukrainada 40 ta holat to‘g‘ri kelishini aytib, bizda ulardan ko‘ra ancha oz ekanini urg‘ulagan. “O‘zbekistonda esa o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha yiliga har 100 ming kishiga 5,2 ta holat to‘g‘ri kelmoqda”, degan.

Raqamlarni solishtirishda ayb yo‘q albatta, ammo qaysidir davlatlarga nisbatan olganda O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilganlar soni ozroq ekani baribir odamni quvontirmaydi! Bir ming uch yuz tugul, bitta odam o‘z joniga qasd qilsa ham, qanday quvonadi odam?!

Meni masalaning boshqa tomoni qiziqtirib qoldi. Aholisi an’anaviy musulmon, dini Islom bo‘lgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkichlar qanday ekan. Bositxonova nutqida asosan g‘arb o‘lkalaridagi suiqasdlar soni keltirilgan, ammo musulmon mamlakatlaridan bironta ham misol keltirilmagan. Manzara oydin, ma’lumot to‘liq bo‘lishi uchun dunyoning xilma-xil davlatidagi ahvol o‘rganilsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, men Saudiya, Misr, Malayziya, Indoneziya, Pokiston kabi musulmon mamlakatlarida o‘z joniga suiqasd qilish hodisasi bormi, bor bo‘lsa, yuz ming kishi boshiga nechtadan to‘g‘ri keladi – shularni bilgim keladi. Albatta, musulmon mamlakatlarda o‘z joniga qasd qilish mutlaqo yo‘q deya olmayman. Bordir. Ammo miqdori qancha? U mamlakatlarda bu g‘ayriodatiy, g‘ayriinsoniy ishning oldini olishga qanday chora-tadbirlar ko‘rilgan?

Shu va boshqa ma’lumotlarni bilsak, so‘ng sabablar va choralar haqida bemalol mulohaza yuritsa bo‘ladi.

Men o‘qigan maqolada, xossatan O‘zbekistondagi suiqasdlarning sababi haqida bildirish berilmabdi. Ammo oldingi bilganlarimizdan o‘zimizcha ayrim xulosalarni qilsak bo‘ladi.

1. Ijtimoiy adolatsizlik

Odamlar ba’zan oddiy insoniy haq-huquqi oyoqosti etilishidan tortib mol-mulki talon-taroj qilinsa, ko‘p yillik mehnatiga kuyib qolsa, boshliqlaridan xo‘rlik va xorlik ko‘rsa, chidab bo‘lmas haqoratlar eshitsa va hokazo holatlarda o‘z joniga qasd qilayotganini eshitib qolamiz. Ayniqsa, bu borada hayotini ayanchli tugatgan fermerlar salmoqli raqamni tashkil etadi.

2. Yo‘qchilik

Kambag‘allikdan tug‘iladigan muammolar ham kishini boshiberk ko‘chaga kiritib qo‘yadi. Maktabni bitiruv kechasiga ota-onasi u aytgan kiyimni olib bera olmagani uchungina o‘z joniga qasd qilgan o‘smir qizlarni ko‘rdik.

3. Axloqsizlik

Er-xotin bir-biriga xiyonat qiladi. Qilmishi el-yurtga oshkor bo‘lgach, uyatga chiday olmay o‘zini o‘ldiradi. Yoshgina qizlar nafs balosiga yo‘liqib nomusini yo‘qotadi, so‘ng nima qilarini bilmay o‘zini osadi.

Yoki bo‘lmasam, bor-budini, uy-joyini, hatto xotinini qimorga yutqazib qo‘yganlar ham o‘zini o‘zi o‘ldirganini bilamiz. Va hokazo.

4. Shunchaki vosvos kasaliga yo‘liqqanlar ham ongsiz ravishda o‘z joniga qasd qilishi mumkin

Yana boshqa sabablar ham bor, albatta. Biz umumlashtirib shularni sanadik, xolos.

Kishi umrida eng og‘ir holatlarga tushishi, xayoliga juda yomon o‘ylar kelishi mumkin. Lekin muammosidan qutulish chorasi deb faqat o‘limni tanlashi uning nihoyatda ojizligidandir. Suiqasd yagona yechim emas, irodasizlik etmasa, boshqa choralar ko‘p hayotda.

O‘z joniga qasd qilayotganlarning eng katta kamchiligi oilada, jamiyatda diniy tarbiya ko‘rmagani deb bilaman men. Yuragida imon bo‘lganida edi, suiqasd ulkan gunoh ekanini, o‘zini o‘zi o‘ldirgani uchun bu dunyoda janozasi o‘qilmasligini va malomatlarga qolishini, oxiratda esa juda og‘ir jazolar tortishini bilganida edi, odam bu ahmoqona qarorga kelishdan oldin o‘ylab ko‘rgan bo‘lardi.

Bu dunyodagi har qanday sabab Olloh bergan hayotni o‘z ixtiyori bilan uzishiga arzimasligini, Olloh bu ishiga qattiq g‘azab qilishini bilardi. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un, deb qaroridan qaytardi. Sabr va qat’iyat bilan hayotini davom ettirgan bo‘lar edi.

Nurulloh Muhammad Raufxon


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!