Noyob maskanga qiziqarli sayohat

Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda ekologik muammolar tobora global ahamiyat kasb etib bormoqda. Mamlakatimizda ham dunyo miqyosi hamda mintaqamizda kuzatilayotgan jarayonlardan kelib chiqib, keyingi yillarda muhim ustuvor vazifalar bilan bir qatorda atrof-muhit muhofazasiga, shu jumladan, ekologik madaniyat, ekologik ta’lim-tarbiya, ekologik ma’rifat masalalariga alohida e’tibor berilyapti.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risi”dagi qarori ham bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ushbu qarorda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ekologik ta’lim va madaniyatni o‘zaro bog‘liqlikda rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab berilgan.
Mamlakatimiz tabiati, ekotizimlarini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish oldimizda turgan dolzarb masala sanaladi. Shundan kelib chiqib, Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi 194-umumta’lim maktabining 7-“v” sinf o‘quvchilari uchun Toshkent Botanika bog‘iga sayohat tashkil etildi.
O‘quvchilarning tabiatga mehrini, ekologiya va atrof-muhit tozaligiga e’tiborini oshirish maqsadida ekskursiya shaklida tashkil etilgan sayohat davomida mutaxassislar bilan birgalikda ushbu bog‘ haqida atroflicha ma’lumot berishga harakat qildik. Bu yerdagi noyob o‘simliklar dunyosi, ularning turlari, parvarishlar jarayonlar ayniqsa, o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Masalan, umumiy maydoni 66 gektardan iborat bo‘lgan va Markaziy Osiyoda o‘ziga xos bo‘lgan bu maskanda turli mintaqalardan jamlangan 2400 dan ortiq o‘simlik turlari va navlari o‘stirilayotgani ularning qiziqishini bog‘ga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Sayohat davomida o‘quvchilarga chiqindi tashlamaslik va o‘simliklarga zarar yetkazmaslik bo‘yicha tavsiyalar berib borildi. Bu esa o‘z navbatida, bog‘ tartib-qoidalariga rioya qilishni ta’minlash bilan birga o‘ylaymizki, ularning ekologik madaniyatini oshirishga ham xizmat qildi.
Umuman olganda, ushbu sayohat o‘quvchilarning amaliy bir tarzda tabiatning sirli dunyosi bilan tanishishida katta o‘rin tutdi.
Madina Achilova,
Uchtepa tumanidagi 194-umumta’lim maktabining
o‘zbek tili fani o‘qituvchisi