"Sizlar bizga terrorchi, biz esa sizlarga suv beramiz"

Transchegaraviy terrorizm davom etar ekan, suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha Hindiston-Pokiston shartnomasi amal qilmaydi.
Bu haqda Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
"Pokiston bilan munosabatlarimiz qat’iy ikki tomonlama bo‘ladi. Hind daryosi suvlari to‘g‘risidagi shartnoma to‘xtatilgan va Pokiston tomonidan transchegaraviy terrorizm ishonchli va uzil-kesil to‘xtatilmaguncha shunday bo‘lib qoladi," - deya ta’kidladi Jayshankar.
Vazir bosh vazir Narendra Modi Nyu-Dehlining pozisiyasini aniq belgilab berganini eslatdi: Pokiston bilan har qanday muzokaralar faqat terrorizmga qarshi kurashga taalluqli bo‘ladi. Hindiston Islomoboddan qidiruvdagi terrorchilarni topshirishni va ekstremistik guruhlarni qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilmani yopishni talab qilmoqda.
Hind daryosi va uning irmoqlari suv resurslarini Hindiston va Pokiston o‘rtasida taqsimlashni 1960 yilda imzolangan "Hind daryosi suvlari to‘g‘risida"gi shartnoma tartibga soladi. Shartnomaga ko‘ra, Islomobod Hind, Chinob va Jelum suvlarini, Nyu-Dehli esa Beas, Ravi va Satlaj suvlarini nazorat qiladi.
Avvalroq Pokiston Hindistonni 22 aprelda Paxalgamda 26 kishi halok bo‘lganidan keyin shartnomani to‘xtatish qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgandi. Nyu-Dehli har qanday yon berishlar transchegaraviy terrorizm to‘xtatilgandan keyingina mumkin bo‘lishini ta’kidlamoqda.