Elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish barqarorligi ta’minlanadi
Kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari“ AJ tizim korxonalari reja asosida 53 ta shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 1 ta turboagregat va 3 ta gaz-turbina qurilmasida ta’mirlash ishlarini amalga oshirdi.
Elektr stansiyalardagi tezkor guruhlar tomonidan kamchiliklar aniqlangan 11 ta energoqurilmada mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari“ AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov shu haqda ma’lum qildi.
Unda aytib o‘tilganidek, ta’mirlash va sozlash ishlari natijasida mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 291 MVt va issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi 235 tonna soatga oshirilishiga erishilgan. Shuningdek, elektr stansiyalarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini yagona energotizimga sifatli va barqaror uzatilishini ta’minlash uchun 35, 110, 220, 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari hamda transformatorlarda muhim ta’mirlash ishlari olib borilgan.
– Soha xodimlari tomonidan 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida aholining elektr va issiqlik energiyasiga o‘sib borayotgan talabini qondirish va mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 29 ta kuch transformatorida ta’mirlash ishlari olib borildi. 109 ta o‘lchov transformatori elektr laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. 77 ta kuch transformatorida moy holati xromatografik tahlildan o‘tkazildi. 147 ta o‘ta kuchlanishlarni cheklovchi qurilma va aloqa kondensatori elektr laboratoriya sinovidan o‘tkazildi. 10 ming 105 ta ulama teplovizor ko‘rigidan o‘tkazildi va bu ishlar mavsum davomida tizimli olib boriladi. 21 ta o‘lchov tok transformatorining moyi almashtirildi, – dedi M.Bekmuhammedov.
Shuningdek, Toshkent issiqlik markazining 10 ta issiqlik markazidagi 60 ta qozon agregatidan 15 tasi mukammal, 45 tasi esa joriy ta’mirlandi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, kuz-qish mavsumida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 26,8 milliard kilovatt soat elektr energiyasi va 9,2 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 milliard metr kub tabiiy gaz, 2,8 million tonna ko‘mir va 100 million metr kuber osti gazi sarflanishi ko‘zda tutilgan. Zarur holatlarda zaxira yoqilg‘isi sifatida mazut ishlatiladi.
Axborot xizmati rahbarining so‘ziga ko‘ra, ayni kunlarda barcha elektr stansiyalar va markazlarida navbatchilik asosida energiya qurilmalarning uzluksiz ishlash jarayonini muvofiqlashtiruvchi maxsus tezkor shtablar faoliyati shakllantirilgan. Quz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun ular tarkibiga 2 mingdan ortiq malakali mutaxassis hamda 112 ta maxsus texnika biriktirilgan. Rahbar va mas’ul mutaxassislardan iborat 10 ta navbatchilik guruhining tunu kun faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.