O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida sport ta’limi sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida sport ta’limi sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Ispaniyada O‘zbekistonning BHC-ERS Education nodavlat sport ta’lim muassasasi va Yoxan Kroyff instituti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yoxan Kroyff instituti 20 asrning eng yaxshi futbolchilaridan biri, uchta marta "Oltin to‘p" sohibi, Niderlandiya terma jamoasi, "Ayaks" va "Barselona" klublari murabbiyi Yoxan Kroyff (1947-2016) tomonidan tashkil etilgan xalqaro o‘quv markazidir.

Bitim O‘zbekiston talabalari, sportchilari va sport menejerlariga sport menejmenti, marketing va ushbu sohaning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatini taqdim etishni nazarda tutadi.

Toshkent futbol assosiasiyasi maslahatchisi Shuhrat Ernazarov Yoxan Kroyff institutining O‘zbekistondagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchisi etib tayinlandi.

1999 yilda niderlandiyalik futbol yulduzi Yoxan Kroyff tomonidan tashkil etilgan va 35 nafar talaba tahsil oladigan xususiy muassasa hozirda sport menejmenti sohasida sportchilar va soha mutaxassislarini sifatli tayyorlash bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Institut doimiy ravishda "Sports management" yo‘nalishi ta’lim dasturlari bo‘yicha eng yaxshi reytinglardan joy olib kelmoqda. Onlayn ta’lim sifati bo‘yicha u 2-o‘rinni egallaydi va Yevropadagi eng yaxshi beshta ixtisoslashgan muassasalar qatorida qayd etiladi.

Institut Ispaniya, Meksika, Niderlandiya, Shvesiya va Peruda o‘z filiallariga ega. Institutning asosiy kampusi Barselonada (Ispaniya) joylashgan. Bundan tashqari, institut oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni ham amalga oshiradi. Bu borada Yoxan Kroyff nomidagi uchta akademiya Amsterdam, Groningen va Tilburgda faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Yoxan Kroyff nomida Amsterdam, Enshede, Groningen, Neymegen va Rozendalda beshta kollej mavjud.

Hozirgi kunga qadar mazkur institut va uning filiallarida butun dunyodan 7 mingdan ortiq talaba sport menejmenti, sport marketingi, murabbiylik, futbol biznesi, homiylik, sport tashkilotlarining strategik moliyaviy boshqaruvi, innovasiyalar va sport tadbirlarini boshqarish kabi sohalarda onlayn kurslarini hamda magistratura, doktorantura va ixtisoslashtirilgan dasturlarini tamomladi. Mohiyatan, Kroyff tarmog‘i bitiruvchilari butun dunyo bo‘ylab sport tashkilotlarini boshqarishga tayyor bo‘lgan keyingi avlod rahbarlari, murabbiylar, sport tahlilchilari va menejerlarini tayyorlamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!