«O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining taqdimoti o‘tkazildi

«O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining taqdimoti o‘tkazildi

2024 yil 27 mart kuni Oliy Majlis Senati, Jahon Banki, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va Taraqqiyot vazirligi hamkorligida «O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining taqdimoti o‘tkazildi.

«O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining taqdimoti o‘tkazildi

Tadbir «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligida olib borildi. Unda O‘zbekiston parlamenti va hukumati a’zolari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari qatnashdi. Xususan, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yetakchi iqtisodchisi Devid Nayt va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va Taraqqiyot vazirligining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy rivojlantirish direktori Sara Kuper ishtirok etdi.

«O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining taqdimoti o‘tkazildi

Tadbir qatnashchilari mamlakatda ayollar huquq va erkinliklarini amalga oshirish yo‘lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilishdi. Shuningdek, mamlakat hayotining turli sohalarida gender tengligiga erishish va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va institusional chora-tadbirlar tilga olindi.

«O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining taqdimoti o‘tkazildi

Xususan, O‘zbekistonda so‘nggi bir necha yil ichida ayollarning mehnat huquqlarini ta’minlash borasida erishilgan natijalar qayd etildi. Jumladan, bir xil ish uchun ayollar va erkaklarga teng haq to‘lashni kafolatlovchi norma 2022 yil oktyabr oyida qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida belgilandi hamda ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi.

Bundan tashqari, ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish borasida ham ma’lum ishlar amalga oshirildi. Xususan, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Mamlakatning yuqorida ta’kidlangan sohalardagi muvaffaqiyatlari Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» yillik hisobotida qayd etilgan. Hisobotda 190 mamlakatdagi gender tengligi bilan bog‘liq vaziyat baholanadi. O‘zbekiston 18 ta davlat qatorida yuqorida qayd etilgan ayollar huquqlarini kengaytiruvchi huquqiy islohotlarni amalga oshirib, 2022 yil oktyabr oyidan buyon gender tengligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishda eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlatdan biriga aylandi.

Tadbir davomida Jahon banki ekspertlari tayyorlagan «O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining asosiy xulosa va tavsiyalari taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, hisobotda gender tengligining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning iqtisodiy faoliyati, ta’lim tizimi va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, unda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajrashish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki bilan bog‘liq vaziyatlar o‘rganilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ayollarning huquqlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurga ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlariga oid ijtimoiy me’yorlar va kutilmalar tahlil qilingan.

Tadqiqotda agar ayollar mamlakat iqtisodiy hayotida erkaklar bilan teng ishtirok eta olsa, O‘zbekiston yalpi milliy daromadi taxminan 29 foizga oshishi hamda ushbu foydalanilmagan iqtisodiy salohiyat 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkinligi qayd etilgan.

Jahon banki ekspertlari mamlakatda gender tengligiga erishish uchun muhim islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi. Shu bilan birga mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammolarga yechim topish davlat va jamiyat ishtirokida kompleks va muvofiqlashtirilgan yondashuvni, jumladan, qonunchilikni yanada takomillashtirish, tegishli davlat va jamoat institutlarini mustahkamlash, fuqarolarning xabardorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etishini aytib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar O‘zbekistonda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini qisqartirish, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi vazifalarni ham muhokama qilishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!