Tojikiston 2020 yilda davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 342 million dollar tashqi yordam oldi

Tojikiston 2020 yilda davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 342 million dollar tashqi yordam oldi

Tojikiston hukumatiga davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 2020 yilda xalqaro moliya institutlari tomonidan 342 million dollar (2020 yildagi o‘rtacha rasmiy kursi bo‘yicha taxminan 3,6 milliard somoniy) ajratildi. Bu haqda Tojikiston moliya vazirligining hisobotiga tayanib, Asia Plus xabar berdi.

Moliya vazirligi ushbu mablag‘ ustuvor ijtimoiy sohani moliyalashtirishga sarflanganini ta’kidlamoqda.

Hisobotda aytilishicha, mazkur mablag‘lar ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlarga oid majburiyatlarni qopladi, sog‘liqni saqlash sohasi fondini va aholining zaif qatlamlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy yordam miqdorini oshirdi, shuningdek, tashqi qarzlar va ustuvor iqtisodiy tarmoqlarga xizmat ko‘rsatdi.

Vazirlik Xalqaro valyuta fondi ajratgan 189,5 million dollarlik imtiyozli kreditni, Osiyo taraqqiyot bankining 102,5 million dollarlik beg‘araz yordami va Yevrosiyo taraqqiyot fondi ajratgan 50 million dollarlik qarzni alohida e’tirof etdi.

Ushbu yordam davlat byudjeti daromadlari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan rejaning 0,1 foiz ortig‘i bilan (20,3 million somoniyga) bajarilishiga yordam berdi.

Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020- yili davlat byudjeti daromadlarining umumiy hajmi 24,3 milliard somoniyni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda mamlakatda koronavirus ustidan g‘alaba karantindan voz kechish tufayli amalga oshganini aytgan. Shuningdek, Abdullozoda mamlakatda koronavirusni davolash mutlaqo bepul ekanini ta’kidlagan. Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar nafaqat shifokorlarning tezkor guruhi nazorati ostida bo‘lgan, balki davlat hisobidan bepul dori-darmonlarni ham olgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!