SSV: Ultratovush diagnostikasi sohasidagi yetakchi mutaxassislar Toshkentda jam bo‘ldi

A A A
SSV: Ultratovush diagnostikasi sohasidagi yetakchi mutaxassislar Toshkentda jam bo‘ldi

Bugun Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida "Tibbiyotda ultratovush diagnostikasining innovasion texnologiyalari" mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi. Tadbirda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ultratovush diagnostikasi sohasidagi yetakchi mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.

📑 Anjuman dasturi O‘zbekistondagi mutaxassislarning sohadagi dolzarb ehtiyojlarini qondirish, ilg‘or ultratovush diagnostika tizimlaridan samarali foydalanish maqsadida ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

🤱🏻 Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda keyingi yillarda aholi salomatligini mustahkamlash, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan tug‘ma nuqsonlarni erta tashxislash maqsadlariga yo‘naltirilgan, zamonaviy ultratovush uskunalari bilan jihozlangan prenatal xonalari tashkil etildi.

✅ Mamlakatda tibbiyot amaliyotini o‘quv va ilmiy faoliyat bilan faol integrasiyalashga bo‘lgan yuksak ehtiyoj tibbiyotning ilg‘or yutuqlarini diagnostika va davolash jarayoniga joriy etishni jadallashtirish zarurligini taqozo etmoqda.

🎤 Anjumanda tug‘ma nuqsonlar, yurak-qon tomir, onkologik, gastroenterologik, urologik va boshqa kasalliklar skriningi, ularni erta aniqlash va davolash muammolari muhokama qilinmoqda.

📈 Ta’kidlanishicha, bu yo‘nalishda ultratovush uskunalari imkoniyatlarining sezilarli darajada oshishiga erishildi. O‘zbekiston olimlari tomonidan takomillashtirilgan turli elastografiya usullarining innovasion texnologiyalari — kompression, nuqtali, ikki o‘lchovli siljish to‘lqinli elastografiya, dopplerografiya bilan birgalikda surunkali diffuz va o‘choqli kasalliklarni erta aniqlashda diagnostik aniqlik darajasini 95 foizga ko‘tardi.

📌 Sanab o‘tilgan ultratovush texnologiyalari klinik amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilmoqda.

🔹 Shuningdek, ultratovush diagnostikasi mutaxassislarining oldida sut bezi kasalliklari skriningini takomillashtirish, ushbu usulning tibbiy tasvirlash tizimidagi roli va o‘rnini aniqlash kabi yana bir vazifa turibdi.

🧑🏻‍⚕️ Hozirgi kunda tibbiyot xodimlari, jumladan, ultratovush diagnostikasi sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxasisslarning kasbiy tayyorgarligi va ularning malakasini muntazam oshirishning samarali tizimini yaratish tibbiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

🌐 Tibbiyot xodimlarining kasb malakasini rivojlantirish markazi bu yo‘nalishda o‘quv jarayonida o‘quv-simulyasiya va trening markazlaridan foydalanib, ko‘plab xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy klinikalar bilan hamkorlikda xalqaro standartlarga muvofiq zamonaviy ta’lim dasturlari, o‘qitish uslublari va texnologiyalarini faol joriy etib kelmoqda.

Anjuman 20 aprel kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!